“Jasorat” maktabi uchun sinovlar muhim pallaga kirdi
Namangan viloyatida jami 14 ta “Jasorat” maktabi tashkil etilgan bo‘lib, ular uchun 364 ta kvota o‘rni ajratilgan. Har bir sinfda 26 nafardan o‘quvchi tahsil olishi belgilangan. Tanlov asosida qabul qilinayotgan o‘quvchilar maxsus dastur asosida bilim va ko‘nikmalarni egallaydi.
Mamlakatimizning barcha hududlari, jumladan, Namangan viloyatida ham “Jasorat” maktablariga kirish imtihonlarining hal qiluvchi ikkinchi bosqichi – jismoniy tayyorgarlik sinovlari bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur bosqich doirasida umumta’lim maktablarining to‘rtinchi sinfini tamomlagan 2 ming 872 nafar o‘quvchining jismoniy tayyorgarlik darajasi besh xil shart asosida sinovdan o‘tkazilmoqda.

E’tiborlisi shundaki, bu jarayon yosh avlodning jismoniy salohiyati va irodaviy tayyorgarligini baholashda muhim mezon bo‘lib xizmat qilmoqda.
Chust tumanidagi 9-sonli umumta’lim maktabi hududida “Jasorat” maktabiga kirish imtihonlarining ikkinchi bosqichi qizg‘in tarzda o‘tdi.

Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha sinovlarda boshlang‘ich ta’limning 4-sinfi uchun mo‘ljallangan o‘quv dasturi asosida har bir nomzodga beshtadan jismoniy mashq bajarish vazifasi berildi. Ushbu bosqichda jami 256 nafar nomzod, shundan 43 nafari qiz bola qatnashib, o‘z jismoniy tayyorgarligi, chidamliligi hamda belgilangan me’yorlarni bajarish bo‘yicha imkoniyatlarini namoyon etdi.


Sinovlar ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida tashkil etilgan bo‘lib, ishtirokchilar uchun barcha zarur qulayliklar hozirlangan. Qolaversa, farzandlarini kuzatib kelgan ota-onalarga salqin kutish joylari tashkil etilib, sinov jarayonini xotirjam kuzatdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.