Jamshid Qo‘chqorov: byudjet taqchilligini moliyalashtirishda hech kim bizga kredit bermas edi
Byudjet loyihasi muhokamalarida deputatlar bir qator savollarni o‘rtaga tashladi.
Saydulla Ne’matov, deputat:
— O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sish barobarida byudjet defitsiti ham oshib borishi kuzatilmoqda. Xususan, bu yil 51 milliard, keyingi yil 59 milliard, undan keyingi yil 70 milliarddan ko‘proq defitsit prognoz qilinmoqda. Byudjet taqchilligi oshayotgan bir paytda ayrim qo‘shimcha xarajatlar ko‘payib borayotgani odamni o‘ylantiradi. Xarajatlarni optimallashtirish, kamaytirish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilmoqda?
Jamshid Qo‘chqorov, iqtisodiyot va moliya vaziri:
— Byudjet taqchilligi haqiqatan oshib kelyapti. Byudjet taqchilligi YAIMga nisbatan olinishi real hisobda ko‘rsatadi. Daromad bilan xarajat o‘rtasidagi farq taqchillik deb olinadigan bo‘lsa, 59 milliard so‘m hech nimani bildirmaydi. YAIM davlatning o‘zi yarata oladigan daromad bo‘ladigan bo‘lsa, shu daromadga nisbatan taqchillik qarzdorlikka borib taqaladi.
Ko‘p yillar davomida profitsit bilan kelganmiz. Bu yaxshi holat emas. Buning sababi byudjet taqchilligini moliyalashtirishda hech kim bizga kredit bermas edi. Chunki soliq siyosatida, valyuta konvertatsiyasida muammolar bor edi. Umuman, so‘nggi 8 yildagi islohotlar yo‘q edi.
Taqchillikning kattaligi ham yaxshi emas. Ham nazariy, ham amaliy jihatdan 3 foiz taqchillik normal. Iqtisodiy o‘sish bor bo‘lgan davlatda olinayotgan qarz, taqchillik o‘zini oqlagan bo‘ladi. Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida har yili yuqori o‘sish sur’atlariga erishyapmiz.
Xalqaro moliya tashkilotlarining baholariga e’tibor qaratsak, O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish 7,3 foiz bo‘lishini aytyapti, — dedi Jamshid Qo‘chqorov.
Muhtarama Komilova,
O‘zA