Jahon savdo tashkiloti qarorgohidan Jeneva universitetigacha
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyi o‘quvchilaridan iborat delegatsiya Shveysariyaga amalga oshirilayotgan ta’lim safari doirasida Jeneva shahridagi xalqaro tashkilotlar va nufuzli ta’lim muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Delegatsiya Jahon savdo tashkiloti (WTO) qarorgohiga ham tashrif buyurdi. Bu yil mazkur tarixiy binoning 100 yilligi nishonlanayotgani tashrifning ahamiyatini yanada oshirdi.
Tashrif davomida o‘quvchilar Jahon savdo tashkilotining xalqaro savdo tizimidagi o‘rni, asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot oldi. Shuningdek, tashkilot tarixi, qarorgoh binosining me’moriy qiymati hamda xalqaro iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishdagi ahamiyatiga bag‘ishlangan taqdimotda ishtirok etdi.

Shundan so‘ng delegatsiya Jeneva universitetida bo‘lib, oliy ta’lim muassasasining o‘quv jarayoni, xalqaro ta’lim dasturlari va ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan tanishdi. Universitet mutaxassislari tomonidan ta’lim muassasasining tarixi, fakultetlari, qabul tartibi hamda xorijlik talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Uchrashuv davomida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, xorijda ta’lim olish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.

Ta’lim safari doirasida delegatsiya a’zolari Shveysariyaning boy tarixiy va madaniy merosi bilan ham tanishdi. Ular Jeneva shahridagi O‘zbekiston Respublikasi elchixonasida bo‘lib, diplomatik vakolatxona faoliyati haqida ma’lumot oldi. Shuningdek, Alp tog‘lari bag‘riga sayohat qildi, Jenevaning mashhur bog‘lari, tarixiy va sayyohlik maskanlarini ziyorat qilib, mamlakatning tabiati va madaniy muhiti bilan yaqindan tanishdi.

Bunday uchrashuv va sayohatlar o‘quvchilarning xalqaro tashkilotlar, global iqtisodiyot, diplomatiya va jahon ta’lim tizimi haqidagi tasavvurlarini yanada boyitish, ularning dunyoqarashi hamda kelgusidagi akademik va kasbiy maqsadlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

JIDU akademik litseyi o‘quvchilarining Yevropaga amalga oshirilayotgan ta’lim safari keyingi manzil – Germaniyada davom etmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA