Jahon chempionatining "F" guruhidan joy olgan jamoalar turnir davomida qanday liboslarda harakat qilishi ma’lum
"F" guruhidan joy olgan Niderlandiya, Yaponiya, Shvetsiya va Tunis terma jamoalari qaysi brend liboslaridan foydalanishini ma’lum qildi.
Joriy yilning yoz oyida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida ishtirok etadigan barcha terma jamoa qanday brendlar ostidagi libosda harakat qilishi aniq bo‘ldi. Ushbu turnirda "F" guruhidan joy olgan Niderlandiya, Yaponiya, Shvetsiya va Tunis terma jamoalari qaysi brend liboslaridan foydalanishini ma’lum qildi.
Guruhning ilk termasi Niderlandiya jamoasi turnir davomida Nike tomonidan ishlab chiqarilgan liboslardan foydalanadi. "Uchar gollandlar"ning uy libosi apelsin rangda bo‘lib, oddiy dizaynda ishlangan. Formaning yoqa va yeng qismining uchlari qora rang bilan bezatilgan. Shuningdek, formaning ikki yon tomoniga qora chiziqlar bilan ishlov berilgan.

Niderlandiyaliklar mehmon libosi sifatida oq rang tanlashgan va u sodda ko‘rinib qolmasligi uchun kiyimning ko‘krak qismidan gorizontal tarzda apelsin rangda dizayn qilingan. Libosning yengining uchlari va yoqa qismi apelsin rang bilan ajratib qo‘yilgan. Shuningdek, libosing ikki yon tomonidan aynan shu rangda ingichka chiziqlar o‘tgan.

Guruhning ikkinchi jamoasi Yaponiya termasi ushbu mundialga Adidas brendi ostida liboslarda tashrif buyuradi. "Samuraylar"ning uy libosi to‘q ko‘k rang hisoblanadi. Libosning ko‘krak qismida markazdan tashqariga taralayotgandek ko‘rinadigan nozik chiziqlar bilan bezatilgan. Libosning yoqa qismi V shaklda ishlangan va atrofidan ingichka qizil chiziq bilan ishlov berilgan.

Yaponiyaliklarning safar libosi oq rangda bo‘lib, u oddiy ko‘rinib qolmasligi uchun butun forma bo‘ylab vertikal tarzda turli ranglar bilan bezatilib chiqilgan. Formaning yoqa qismi V shaklida ishlangan va ikkita qora chiziq bilan ajratilib qo‘yilgan. Shuningdek, yeng qismiga ham shunaqa rangli dizayn bilan ishlov berilgan.

Guruhning uchinchi termasi Shvetsiya jamoasi musobaqa davomida Adidas brendi tomonidan chiqarilgan liboslardan foydalanadi. Shvedlarining uy libosi yorqin sariq rangda ishlangan. Formaning oldi qismi oddiy va sodda dizaynda yaratilgan. Libosning yeng qismiga ko‘k rang bilan ishlov berilgan. Shuningdek, yoqa va yeng qismlaridan ingichka ko‘k chiziq o‘tgan.

Shvetsiyaning safar libosi to‘q ko‘k rangda bo‘lib, uning oldi qismidan vertikal tarzda to‘lqinsimon chiziqlar bilan bezatilgan. Formaning yoqasi V shaklda ishlangan va atrofidan ingichka sariq rang bilan ajratilib qo‘yilgan.

Guruhning so‘nggi jamoasi Tunis termasi jahon chempionatida Kappa brendi ostidagi liboslarda harakat qiladi. "Karfagen burgutlari"ning uy libosi oq rangda ishlangan va sodda ko‘rinib qolmasligi maqsadida formaning oldi qismi deyarli sezilmaydigan geometrik naqshlar bilan bezatilib qo‘yilgan. Libos yengining uchlari va yoqa qismi qizil rang bilan ajratilib qo‘yilgan. Shu bilan birga libosning ikki yon tomonidan qizil chiziq ham o‘tkazilgan.

Tunisliklarning ikkinchi libosi yorqin qizil rangda ishlangan bo‘lib, forma bo‘ylab geometrik va pikselga o‘xshash naqshlar bilan dizayn qilingan. Libosning yoqa va yeng qismlari oq rang bilan ishlov berilgan. Shuningdek, Libosning ikki yon tomoni oq chiziqlar bilan bezatilgan.
