Sumo: Bakuda o‘zbekistonlik sportchilar jahon chempionati sovrindori bo‘ldi
Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida sumo bo‘yicha o‘tkazilgan turli yosh toifalari o‘rtasidagi jahon chempionatida mamlakatimiz vakillari munosib natijalar qayd etishdi.
Aytish lozim, kattalar o‘rtasida kechgan 27, ayollar o‘rtasidagi 18, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi 20 va 12-jahon chempionatlarida 30 dan ziyod davlatning mahoratli sumo ustalari qatorida O‘zbekiston terma jamoasining 5 nafar a’zosi o‘z yo‘nalish va yosh toifalarida sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qildi.

Ikki kunlik shiddatli bellashuvlar natijasida mahoratli sportchimiz Durdona Abdujabborova ayollar o‘rtasidagi mutlaq vazn toifasidagi bahslarda bir qator Yevropa va Osiyo mamlakatlarining sumochi qizlaridan ustunlikka erishdi. Final bellashuvida yaponiyalik raqibiga imkoniyatni boy berib, jahon chempionatining kumush medalini qo‘lga kiritdi.
Chempionatning kattalar o‘rtasidagi bahslarda qatnashgan hamyurtimiz Vladislav Bulыgin Bakuga bekorga kelmaganligini amalda isbotladi.

U 115+ kilogramm og‘irlikda o‘z yo‘nalishida Ukraina, Bolgariya, Qirg‘iziston kabi davlat vakillari bilan o‘tgan murosasiz bellashuvlarda kuch-qudratini namoyish etib, XXVII jahon chempionatining bronza medaliga egalik qildi.
– Mamlakatimiz sumochilari bunday darajadagi nufuzli musobaqada, rasmiy jahon chempionatida ilk bor ishtirok etishi. Shunday bo‘lsa-da Toshkentda o‘tkazilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, Yaponiya, Rossiya va boshqa mamlakat terma jamoalari bilan hamkorlikdagi yig‘inlarimiz natijasida terma jamoamiz a’zolarida o‘ziga bo‘lgan ishonch ortdi. Bu ishonch jahon chempionatida 2 ta sovrinli o‘rinni egallashimizni ta’minlaganidan xursandmiz. Jahon chempionatida qatnashgan 30 tadan ziyod terma jamoalar orasida umumiy hisobda 12 ta mamlakat vakillari medallarga ega chiqqan bo‘lsa, ular orasida O‘zbekiston vakillarining borligi e’tiborli bo‘ldi, – deydi telefon orqali muloqotda O‘zbekiston sumo federatsiyasi raisi Kamol Usmonov.
Baku sport maydonida sovrindor bo‘lgan yurtimiz sumo sporti ustalari bugun Toshkentga qaytib keladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA