Italiyada ishlash uchun yangi imkoniyat: o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun tayyorlov dasturi
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Italiyaning “Confagricoltura” tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlik doirasida O‘zbekiston fuqarolarini Italiya qishloq xo‘jaligi sohasida ish bilan ta’minlashga qaratilgan tayyorlov dasturi yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur tashabbus doirasida Qishloq xo‘jaligi sohasi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti hamda “Umana Forma” hamkorligida nomzodlar uchun qisqa muddatli o‘quv-mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda. Ushbu mashg‘ulotlarning asosiy maqsadi ishtirokchilarni Italiyada mehnat faoliyatini boshlash uchun zarur bo‘lgan til va kasbiy ko‘nikmalar bilan ta’minlashdan iborat.

Dastlabki bosqichda o‘quv jarayonlari “Confagricoltura” so‘roviga asosan O‘zbekiston Migratsiya agentligi tomonidan saralab olingan 15 nafar traktorchi uchun yo‘lga qo‘yildi.
O‘quv dasturi 2026-yil 30-martdan 7-maygacha davom etib, jami 180 soatni tashkil etadi. Mashg‘ulotlar tarkibiga 128 soat italyan tili, 40 soat traktor mexanizatsiyasi bo‘yicha amaliy darslar hamda 12 soat Italiyadagi mehnat jarayoniga oid huquq va majburiyatlar kiradi.

37 kun davom etadigan o‘quv jarayonida tinglovchilar institut yotoqxonasida istiqomat qilib, barcha e’tiborlarini tayyorgarlikka qaratmoqda. Mashg‘ulotlar davomida ular nafaqat italyan tili va mexanizatsiya bo‘yicha nazariy bilimlarni egallamoqda, balki institutga tegishli traktorlardan foydalangan holda amaliy mashg‘ulotlarda ham faol ishtirok etmoqda. Bu esa ularning kelgusida ish faoliyatiga tez moslashishiga xizmat qiladi.
Mazkur dastur O‘zbekiston fuqarolarini xorijda qonuniy mehnat faoliyatiga jalb etish, ularning kasbiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro mehnat bozorida raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA