“Oh, sening yoshliging menda bo‘lsaydi...”
Bugun O‘zbekiston xalq yozuvchisi Hamid G‘ulom tavallud topgan kun. U 1919-yil 25-aprelda Toshkent shahrida tug‘ilgan. (2005-yili vafot etgan)
Atoqli shoir va adib bir qator markaziy gazetalarda, O‘zbekiston Davlat nashriyotida, radioda mas’ul vazifalarda ishlagan. 1958-yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Boshkaruv kotibi, keyinroq G‘afur G‘ulom nashriyotining direktori lavozimlarida faoliyat olib borgan.
Hamid G‘ulomning “Qo‘shiqlarim”, “Dnepr bo‘yida”, “G‘alaba yo‘lida” asarlarida xalqimizning fashizmga qarshi kurashdagi qahramonliklari tasvirlangan. O‘quvchilar uning “Mash’al”, "Mangulik" romanlari, “Olmos qizi”, “Yozyovon” povestlari, “Toshkentliklar” asarlarini yaxshi biladi. Adibning “Vafoning uzun yo‘li” xotiralar to‘plami ham kitobxonlar tomonidan qizg‘in kutib olingan.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi , “El-yurt hurmati” va “Mehnat shuhrati” ordenlari sohibi, atoqli shoir, yozuvchi Hamid G‘ulom yurtimiz istiqlolga erishgan farahli kunlar istiqlol farzandlari – yoshlarga qarata ichki bir “o‘kinch”, “armon” bilan “Oh, sening yoshliging menda bo‘lsaydi...” deya yozgan edi.
OH, SENING YOSHLIGING MENDA BO‘LSAYDI…
Ko‘ngil yoshligini har dam qo‘msaydi,
Oh, sening yoshliging menda bo‘lsaydi!
Takror etmas edim bag‘ri toshliging,
Oh, menda bo‘lsaydi sening yoshliging!
Namuncha yengilsan, namuncha daydi!
Oh, sening yoshliging menda bo‘lsaydi!
Bo‘lmasdi beg‘amlik, bebardoshliging,
Oh, menda bo‘lsaydi sening yoshliging!
Tong yulduzi kabi bir on kulsaydi!
Oh, sening yoshliging menda bo‘lsaydi,
O‘tda yondirardim ko‘ngil g‘ashliging,
Oh, menda bo‘lsaydi sening yoshliging!
Yurak ilk sevgiga yana to‘lsaydi!
Oh, sening yoshliging menda bo‘lsaydi,
Shodlik, ko‘klamliging, serquyoshliging
Jahon yoritardi xuddi Yoshliging!