IT sohasida xalqaro muloqot
Serbiya Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari va Iqtisodiyot vaziri Adriana Mesarovich boshchiligidagi delegatsiya IT Park Uzbekistan majmuasiga tashrif buyurdi.
Dastlab mehmonlar uchun IT-Park faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi. Unda IT-Park ekotizimi, mamlakatda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, rezidentlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, soliq va infratuzilmaviy imtiyozlar, shuningdek, eksportbop IT-xizmatlar hajmini oshirish borasidagi ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shu bilan birga, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari taqdim etildi.

Shundan so‘ng delegatsiya UzSOC kiberxavfsizlik markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Markaz tomonidan axborot xavfsizligini ta’minlash, davlat organlari va strategik infratuzilmalarni kiberhujumlardan himoya qilish, shuningdek, tezkor chora ko‘rish tizimlari haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, delegatsiya UZINFOCOM markazi faoliyati bilan ham tanishdi. U yerda davlat axborot tizimlarini ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash, elektron hukumat infratuzilmasi, ma’lumotlar markazi imkoniyatlari hamda raqamli platformalarni boshqarish bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.

Tashrif doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda Serbiya Bosh vazir o‘rinbosari va Iqtisodiyot vaziri Adriana Mesarovich o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida raqamli transformatsiya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini davlat boshqaruvi va iqtisodiyot tarmoqlariga joriy etish, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini rivojlantirish, sun’iy intellekt hamda til modellarini yaratish masalalari muhokama qilindi.

Serbiya tomoni ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari va superkompyuter quvvatlarini kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Tomonlar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga investitsiyalarni oshirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, innovatsion yechimlar va dasturiy mahsulotlarni joriy etish bo‘yicha tajriba almashishga tayyor ekanini bildirdi.
Muzokaralar davomida startap ekotizimini rivojlantirish, innovatsion markazlar faoliyatini kengaytirish hamda qo‘shma biznes-forumlar tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Nigora Rahmonova, O‘zA