Iste’molchilar huquqlari himoyasi va raqobatni ta’minlash masalalari muhokama qilindi
Qarshi shahrida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan keng jamoatchilik vakillari bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirda qo‘mita raisining maslahatchisi Otabek Usmonov, hududiy boshqarma boshlig‘i Sanjar Sadikov hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi. Unda 2025-yil yakunlari va 2026-yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi qilindi, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari tinglandi.
Ta’kidlanganidek, hisobot davrida hududiy boshqarmaga jismoniy va yuridik shaxslardan 2025-yilda 5 mingdan ortiq, 2026-yilning birinchi choragida esa qariyb 1400 ta murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlar asosida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 2025-yil davomida 656 mingdan ortiq iste’molchilarning huquq va manfaatlari himoya qilinib, ular foydasiga qariyb 7,5 milliard so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilindi.
[gallery-28745]
Joriy yilning birinchi choragida esa 3500 ga yaqin iste’molchi manfaatlari tiklanib, ular foydasiga 700 million so‘mga yaqin mablag‘ qayta hisoblanishi ta’minlangani qayd etildi.
Shu bilan birga, davlat va korporativ buyurtmachilar tomonidan o‘tkazilgan 600 dan ortiq tender savdolari tahlil qilinib, 561 holatda raqobatga zid harakatlar aniqlangan. Ushbu holatlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilib, ayrim holatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan, mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanilgan.
Sohalar kesimida o‘rganilgan xaridlarda qator tizimlarda yuqori darajada qonunbuzilish holatlari aniqlangani alohida ta’kidlandi. Jumladan, oliy ta’lim, transport, madaniyat, suv xo‘jaligi hamda ijtimoiy himoya sohalarida o‘rganilgan xaridlarning deyarli barchasida qonun talablariga zid holatlar qayd etilgan.
Bozor konsentratsiyasini nazorat qilish, normativ-huquqiy hujjatlarning raqobatga ta’sirini baholash, shuningdek, birja savdolaridagi jarayonlarni o‘rganish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, 70 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat loyihasi ekspertizadan o‘tkazilib, ayrimlarida qonun talablariga zid holatlar aniqlangan.
Shuningdek, 41 mingdan ortiq hujjat xatlovdan o‘tkazilib, 116 tasida raqobatga zid normalar mavjudligi ma’lum bo‘lgan. Ushbu holatlarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tashkilotlarga taqdimnomalar kiritilgan.
Tovar-xom ashyo birjasidagi savdolarda ham 12 ta holatda qonunbuzilishlar aniqlanib, ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan. Tabiiy monopoliya sub’ektlari tomonidan asossiz haq undirish va ustun mavqeni suiiste’mol qilish holatlari ham qayd etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi, muammolar bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.
Ochiq muloqot yakunida sohadagi ishlarni yanada takomillashtirish, iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilish va sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash yuzasidan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari