Issiqlik ta’minotida raqamlashtirish ishlari jadallashadi
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida issiqlik ta’minoti tizimini yanada takomillashtirish, sohadagi mavjud muammolar va ularning yechimlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov hamda vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva boshchiligida “Issiqlik ta’minoti” AJ, uning hududiy bo‘linmalari, “Issiqlik ta’minoti ob’ektlari bo‘yicha injiniring kompaniyasi” DM hamda hududiy boshqarmalar rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilish konstruktiv va tanqidiy ruhda o‘tkazilib, sohada amalga oshirilayotgan ishlar hamda mavjud kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda issiqlik ta’minoti tizimini isloh qilish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Biroq, bugungi kunda hal etilishi lozim bo‘lgan dolzarb masalalar ham mavjud.

Xususan, ayrim hududlarda loyihalarni o‘z vaqtida yakunlash, ob’ektlarni foydalanishga topshirish, debitor qarzdorliklarni qisqartirish, billing tizimini to‘liq joriy etish ishlari sust kechayotgani keskin tanqid qilindi.
Shuningdek, zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish, mas’ul rahbarlarning tashabbuskorligi va tizimli yondashuv yetishmayotgani ham alohida qayd etildi.

Yig‘ilishda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov sohada shaffoflikni ta’minlashda raqamlashtirish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
— Sohada tartib va shaffoflikni ta’minlashda raqamlashtirish hal qiluvchi ahamiyatga ega. Raqamli tizimlarni to‘liq joriy etish orqali biz samaradorlikni oshirish bilan birga, noqonuniy holatlarning oldini olishga ham erishamiz. Shu bois, har bir rahbar ushbu masalaga alohida e’tibor qaratishi shart, — dedi Sherzod Hidoyatov.

Yig‘ilish davomida sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, ijro intizomini kuchaytirish va aniq natijalarga erishish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish yakunida hududiy rahbarlarning taklif va mulohazalari tinglanib, mavjud muammolarni tizimli hal etish, mas’uliyatni kuchaytirish hamda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Sodda qilib aytganda, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish issiqlik ta’minoti tizimida samaradorlikni oshirish, aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va tarmoqni barqaror rivojlantirishga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA