Ispaniya Bosh vaziri Xitoyga to‘rtinchi tashrifini amalga oshirdi
Ispaniya Xitoy bilan savdo-sotiq kengayishini qo‘llab-quvvatlayotgan Yevropadagi asosiy davlatlardan biri bo‘lib qolayotgani ayonlashmoqda.
“Reuters” xabar berishicha, Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches so‘nggi yillarda Xitoyga to‘rt marta tashrif buyurdi va shu orqali AQSH Prezidenti Donald Trampni g‘azablantirayotgan mustaqil tashqi siyosat yo‘nalishini davom ettirish istagini namoyish etdi. Maqolada Madrid Pekinni iqtisodiy va geosiyosiy raqib emas, balki strategik sherik sifatida ko‘rishi ta’kidlangan.
Sanchesning so‘nggi safari ham u Vashington chizig‘iga ergashishni istamasligini tasdiqlaydi. Amerika yetakchisi Madridni Eron bilan urush payti AQSH harbiy samolyotlariga o‘z hududiga qo‘nish huquqini berishdan bosh tortgani, shuningdek Ispaniyaning mudofaa tizimiga yo‘naltirayotgan mablag‘i kamligi uchun bir necha bor tanqid qilgan. Bundan tashqari, Oq uy rahbari NATO tarkibidagi yetarli sadoqat namoyish etmayotgan ittifoqchilarga qarshi ehtimoliy choralar bilan tahdid qilgan. Binobarin, agentlik Sanchesning siyosati Ispaniya saylovchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani, shu bilan birga AQSH ma’muriyati bilan munosabat keskinlashuvi mamlakatga qimmatga tushishi mumkinligidan qo‘rqayotgan biznes vakillari va muxolifat orasida xavotir uyg‘otayotganiga urg‘u bergan.
Darvoqe, xitoylik rasmiylar bilan kechgan muloqotda Chin mamlakati urushni tugatish uchun Eron va Rossiyaga ta’sir o‘tkazishga chaqirilgan. Zero, Ispaniya Bosh vaziri Xitoy Ukraina va Yaqin Sharqdagi harbiy harakatga chek qo‘yishda muhimroq o‘rin egallashi mumkinligiga ishonadi. Shu bois, Xitoyga tashrifi chog‘ida u Pekinni global mojarolarga chek qo‘yish uchun o‘z ta’sir kuchidan foydalanishga da’vat etgan.
– Xitoy ko‘proq ish qilishi mumkin, – dedi Pedro Sanches XXR poytaxtidagi nutqida. – Masalan, xuddi avvalgidek, xalqaro huquqqa hurmat ko‘rsatishni talab qilib, Livan, Eron, G‘azo, G‘arbiy Sohil va Ukrainadagi mojarolarga chek qo‘yishda sa’y-harakati, salohiyatini ko‘rsatish kerak.
S.Rahimov, O‘zA