Islom Abdurahmonov talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash, ularning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim bilan ishlab chiqarish o‘rtasida uzviy bog‘liqlikni kuchaytirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bunda, ayniqsa, injenerlik, energetika va gidrotexnik sohalarda kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti talaba-yoshlari bilan tashkil etilgan ochiq muloqotda ham bu masalalar atroflicha tahlil etildi.
Tadbirda universitet rektori Bahodir Mirzayev va “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi Islom Abdurahmonov yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, “O‘zbekgidroenergo” AJ faoliyati, mamlakatda amalga oshirilayotgan yirik gidroenergetik loyihalar, sohada joriy etilayotgan zamonaviy texnologiyalar hamda istiqbolli investitsiyaviy dasturlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shu bilan birga, talabalarga amaliyot o‘tash imkoniyatlari, ishga joylashish mexanizmlari va kadrlar zaxirasini shakllantirish tizimi bo‘yicha ham keng tushuntirishlar berildi.
Uchrashuvda Islom Abdurahmonov gidroenergetika sohasi mamlakat iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
– Bugun gidroenergetika nafaqat energiya manbai, balki barqaror rivojlanishning muhim asosidir. Biz uchun eng katta ustuvor vazifa - bilimli, mas’uliyatli, zamonaviy texnologiyalarni puxta egallagan yosh mutaxassislarni tayyorlashdir. Shuning uchun “O‘zbekgidroenergo” tizimida ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, talabalar uchun real amaliyot maydonlarini yaratish va ularni ishlab chiqarish jarayonlariga to‘liq jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘z navbatida, yoshlarning har bir tashabbusi qo‘llab-quvvatlanishi va ularning g‘oyalari amaliyotga joriy etilishi biz uchun muhim, –dedi u.
[gallery-28667]
Samimiy, ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuv davomida talabalar faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berdi. Ular sohadagi amaliyot, ish o‘rinlari, innovatsion loyihalar va startap imkoniyatlari bo‘yicha taklif va fikrlarini bildirdi.
Uchrashuv yakunida “Eng yaxshi g‘oya” tanlovida faol ishtirok etgan iqtidorli talabalarga sovg‘alar va faxriy yorliqlar berildi.
Qolaversa, tadbirda faol ishtirok etgan 3 nafar iqtidorli talabani “O‘zbekgidroenergo” AJ tizimiga ishga joylashtirish bo‘yicha tegishli mas’ullarga aniq topshiriq berildi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA