Ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish bo‘yicha shartnomalar imzolanmoqda
Davlatimiz rahbarining raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, ayniqsa, aliment masalalarini tizimli hal etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida hududlarda amaliy ishlar bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda.
Xususan, G‘uzor tumanida bu borada samarali tizim joriy etilib, aliment to‘lovchilar bilan manzilli ishlash tizimi kuchaytirildi.
Jumladan, 2025-yilda majburiy ijro byurosi G‘uzor tuman bo‘limi ish yurituvida mavjud 1.714 ta ijro hujjatlaridan 753 tasi tamomlandi. E’tiborlisi, shundan, 602 tasini bo‘lim davlat ijrochilarining huquqiy tushuntirishlari natijasida oilalar yarashganligi sababli tamomlashga erishildi.

Bugungi kunda 1.313 nafar qarzdorlarning aliment to‘lovlari ish haqlariga qaratilgan.
Videoselektor yig‘ilishidan so‘ng G‘uzor tumanida ham aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab yurgan fuqarolar bilan individual ishlash tashkil etilib, ularning bandlik darajasi, kasb-hunari, daromad manbalari atroflicha tahlil qilindi.
Xususan, tuman hokimi B.Suyunov va tuman prokurori R.Sayfiyev boshchiligida tijorat banklari, hokim yordamchilari, bandlik bo‘limi hamda Majburiy ijro byurosi xodimlari ishtirokida 57 nafar aliment to‘lovchi fuqarolar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida fuqarolarning muammolari tinglanib, ularni hal yetish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilandi.
Eng muhim jihatlardan biri, aliment to‘lovchilar bilan to‘rt tomonlama shartnoma imzolanganidir.
Ushbu hamkorlik – ishsiz fuqarolarni hududdagi korxonalarga ishga joylashtirish, tadbirkorlikka jalb qilish va kredit ajratish, kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitish va xorijda yuqori daromadli ish bilan ta’minlash kabi muhim vazifalarni qamrab oldi.
Mazkur tizim orqali aliment to‘lovchilarning daromad manbai yaratiladi va ularning farzandlari uchun barqaror moddiy ta’minot uzilmasligi ta’minlanadi.
Shuningdek, tuman soliq inspeksiyasi va prokuratura organlari bilan hamkorlikda daromadini yashirib kelayotgan fuqarolarni aniqlash va ularning faoliyatini “soyadan” chiqarish choralari ko‘rilmoqda. Bu esa aliment to‘lovlarining to‘liq va o‘z vaqtida undirilishiga xizmat qiladi.
Amalga oshirilayotgan ushbu tizimli ishlar natijasida aliment to‘lovchilarning qaramog‘idagi bolalarning moddiy ta’minoti yaxshilanishi, murojaatlar soni esa sezilarli darajada kamayishi kutilmoqda.
G‘uzor tumanida joriy etilgan mazkur yangi yondashuv — faqat jazolash emas, balki muammoni ildizidan hal etishga qaratilgan tizimdir. Bandlik, tadbirkorlik va qonuniy daromadni ta’minlash orqali aliment masalasiga kompleks yechim berilmoqda.
Bu esa davlat siyosatida inson manfaatlari, ayniqsa, bolalar ta’minoti ustuvor yo‘nalish ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA