Ish bilan birga ta’lim olayotgan xodimlarga kafolatlar va kompensatsiyalar berish tartibi qanday?
Qonunchiligimizga ko‘ra, ish bilan birga ta’lim olayotgan xodimlarga kafolatlar va kompensatsiyalar berishning aniq tartibi belgilangan. Ish beruvchi bunday xodimlarga o‘qish va mehnatni birga olib borishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berishi shart.
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu borada quyidagilarni ma’lum qildi:
– Kafolat va kompensatsiyalar birinchi marta tegishli darajadagi ta’lim olayotgan xodimlarga taqdim etiladi. Agar xodim avval ham shu darajadagi ta’limni olgan bo‘lsa, biroq ish beruvchi uni ichki hujjatlar, mehnat shartnomasi yoki alohida kelishuv asosida qayta o‘qishga yuborgan bo‘lsa, unga ham ushbu imtiyozlar berilishi mumkin.
Xodim bir vaqtning o‘zida ikkita ta’lim muassasasida tahsil olayotgan bo‘lsa, kafolat va kompensatsiyalar faqat bittasi bo‘yicha — xodim tanlagan ta’lim tashkiloti uchun beriladi. Mehnat kodeksining 383-moddasida nazarda tutilgan o‘quv ta’tili xodimning ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.
Birinchi marta ta’lim olayotganda kafolatlar va kompensatsiyalar xodim tegishli darajadagi ta’limni (masalan, bakalavriat yoki magistratura) birinchi marta olayotganda asosiy ish joyidan beriladi.
Ish beruvchi yo‘llanmasi bilan bo‘lsa, agar xodim tegishli darajadagi ta’limni avval olgan bo‘lsa-da, lekin ish beruvchi tomonidan ichki hujjatlar, mehnat shartnomasi yoki alohida kelishuv asosida qayta o‘qishga yuborilgan bo‘lsa, unga ham bu imtiyozlar taqdim etiladi. Xodim bir vaqtning o‘zida ikkita ta’lim tashkilotida o‘qisa, kafolat va kompensatsiyalar xodimning tanloviga ko‘ra faqat bitta o‘quv yurti bo‘yicha beriladi.
Ishni ta’lim bilan birga olib borayotgan xodimlarga quyidagi imtiyozlar kafolatlanadi.
Jumladan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarida kechki yoki sirtqi shaklda o‘qiyotgan xodimlarga laboratoriya-imtihon sessiyalari, davlat imtihonlarini topshirish va diplom loyihasini himoya qilish davrida o‘rtacha ish haqi saqlangan holda qo‘shimcha o‘quv ta’tillari beriladi.
Imtihonlar va diplom ishi davrida xodimlarga qonunchilikda belgilangan tartibda ish haftasini qisqartirish yoki ishdan ozod etish kunlari taqdim etiladi.
Sirtqi ta’limda o‘qiydigan xodimlarga yiliga bir marta laboratoriya-imtihon sessiyasiga borib-kelishi, shuningdek, davlat attestatsiyasidan o‘tishi uchun ta’lim tashkiloti joylashgan yerga borish va qaytish yo‘lkira haqining 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdori ish beruvchi tomonidan to‘lab beriladi.
Xodimlarga navbatdagi yillik mehnat ta’tillari ularning o‘quv ta’tillaridan foydalanganidan qat’i nazar beriladi va ish beruvchi xodimning xohishiga ko‘ra ushbu ta’tillarni imtihonlar yoki sessiyalar davriga to‘g‘rilab berishi mumkin.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA