Iqtidorli yoshlarimiz AQSHda xalqaro yozgi ta’lim dasturida ishtirok etmoqda
Davlat rahbarining 2025-yil 15-maydagi tegishli farmoni asosida amalga oshirilayotgan “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi doirasida iqtidorli yoshlar uchun xalqaro ta’lim imkoniyatlari izchil kengaytirilmoqda.
Dasturning navbatdagi bosqichida milliy reytingda eng yuqori natijalarni qayd etgan 10 nafar o‘quvchi hamda o‘quvchilarni dunyoning nufuzli universitetlariga tayyorlash va qabul qilinishida yuqori samaraga erishgan maktab maslahatchilari AQSHdagi IVY League tarkibiga kiruvchi University of Pennsylvania (UPenn) tomonidan tashkil etilgan xalqaro yozgi ta’lim dasturida ishtirok etmoqda.
Dastur davomida ishtirokchilar UPenn professorlari va xalqaro ekspertlar tomonidan o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarda qatnashib, zamonaviy ta’lim metodikalarini o‘zlashtirmoqda. Shuningdek, ular xalqaro akademik muhitda tajriba almashish, ilmiy va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish uchun zarur bilimlarni egallash imkoniga ega bo‘lmoqda.
Mazkur tashabbus iqtidorli yoshlarni xalqaro maydonda qo‘llab-quvvatlash, ularning raqobatbardoshligini oshirish va O‘zbekiston yoshlari uchun dunyoning eng nufuzli universitetlarida ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan islohotlarning amaliy ifodasi hisoblanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA