Iqlim o‘zgarishi sharoitida Markaziy Osiyo: hamkorlik, innovatsiya va kelajak
Zamonaviy ekologik tahdidlar global iqlim jarayonlari bilan uzviy birlikda rivojlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mintaqaviy ekologik sammitlarda ilgari surilgan tashabbuslar nafaqat dolzarb, balki Markaziy Osiyo uchun hayotiy ahamiyatga ega strategik chaqiriqdir.
Global isish sur’atlari jahonda oshib borayotgan bir paytda, bizning mintaqada haroratning ikki barobar tez ko‘tarilayotgani alohida xavotir uyg‘otadi. Markaziy Osiyoda muzliklarning qisqarishi, yog‘ingarchilik tartibining o‘zgarishi va suv resurslari tanqisligining ortishi iqlim inqirozining yaqqol isbotidir. Bugun yer maydonlarining katta qismi degradatsiyaga uchragani oziq-ovqat xavfsizligi va iqtisodiy barqarorlikka jiddiy tahdid solmoqda. Shu bois, Amudaryo va Sirdaryo kabi transchegaraviy daryolar resurslaridan foydalanishda mintaqaviy hamkorlik va o‘zaro ishonch har qachongidan muhimdir.
O‘zbekiston ekologik barqarorlikni ta’minlash borasida tizimli siyosat yuritib, “yashil taraqqiyot” modeliga bosqichma-bosqich o‘tmoqda. Mamlakatda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida qariyb 1 milliard tup daraxt va buta ekilishi ekologik muvozanatni tiklashda muhim qadam bo‘ldi. Ayniqsa, Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektardan ortiq maydonda o‘rmonzorlar barpo etilayotgani global miqyosda e’tirof etilmoqda. Energetika sohasida ham “yashil transformatsiya” izchil davom etmoqda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi yaqin yillarda 50 foizdan oshishi kutilmoqda. O‘zbekiston Parij bitimi doirasidagi majburiyatlarini muddatidan oldin bajarib, zararli chiqindilarni 35 foizga kamaytirishga erishdi. 2035-yilgacha bu ko‘rsatkichni ikki barobar qisqartirish maqsad qilingan.
Mintaqada iqlim muammolarini hal etish uchun ilgari surilgan tashabbuslar zamonaviy ekologik boshqaruvning yangi modelini yaratmoqda. Xususan, “Markaziy Osiyoning toza havosi” konsorsiumini tashkil etish havo ifloslanishiga qarshi kurashni transmilliy boshqaruv darajasiga ko‘taradi. Cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish markaziga mintaqaviy maqom berilishi esa ilmiy ma’lumotlarni birlashtirish va qaror qabul qilishda aniq asoslarga tayanish imkonini beradi. Shu bilan birga, “Markaziy Osiyo yashil savdo yo‘lagi”ni shakllantirish orqali ekologik toza mahsulotlar bozorini rivojlantirish, mintaqaviy ekologik atlas va “Qizil kitob”ni yaratish kabi takliflar biologik xilma-xillikni muhofaza qilishda yangi bosqichni boshlab beradi.
Yoshlarni ekologik ta’limga jalb etish va COP-29 doirasida tashkil etilgan yoshlar platformasi kelajak avlod oldidagi mas’uliyatning institutsional ifodasidir. Global ekologik fond kabi xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlik esa mintaqaviy tashabbuslarni global kun tartibiga olib chiqish imkonini beradi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ilgari surilgan g‘oyalar Markaziy Osiyoni ekologik farovonlik va barqaror rivojlanish makoniga aylantirishga xizmat qiladi. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash endi nafaqat tabiatni asrash, balki innovatsiya va mintaqaviy integratsiyaning asosiy drayveriga aylandi.
Olim NARZULLAEV, ekspert
O‘zA