"International Leadership Awards": tadbirkorlik, e’tirof va hamkorlik (+video)
Bugungi kunda tadbirkorlik sohasida yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda, biznes vakillari o‘rtasida o‘zaro tajriba va g‘oyalar almashinuvini kuchaytirishga ham alohida ahamiyat berilmoqda. Bu esa mahalliy tadbirkorlarning yangi hamkorlar topishi, investitsiya imkoniyatlarini kengaytirishi va xalqaro bozorlarga chiqishi uchun muhim zamin yaratmoqda.
Tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar faoliyatni kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish va xorijiy hamkorlar bilan ishlash uchun keng sharoit yaratmoqda. Shu bilan birga, xalqaro ishbilarmonlik uchrashuvlari turli sohalardagi tadbirkorlarni birlashtirib, o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun yangi maydon vazifasini o‘tamoqda.
Shu kabi tadbirlardan biri Toshkent shahrida "International Leadership Awards" loyihasi doirasida tashkil etilgan ishbilarmonlik forumi bo‘lib o‘tdi Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkiya, Fransiya, Qirg‘iziston kabi davlatlardan turli sohalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar, kompaniya va loyiha asoschilari hamda biznes vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, biznes vakillarini qo‘llab-quvvatlash va ular uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar tadbirkorlarning yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yishi, faoliyatini kengaytirishi va xorijiy hamkorlar bilan ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishi uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Taqdimotlarda tadbirkorlik, moliya, energetika, tibbiyot, turizm, arxitektura va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berildi.
– O‘zbekistonda ilk bor bunday yirik xalqaro tadbir o‘tkazilayotgani juda quvonarli. Turli sohalarda faoliyat yuritayotgan yetakchi tadbirkorlarning bir joyga jamlanishi yangi hamkorliklar o‘rnatish, tajriba almashish va istiqbolli loyihalarni yo‘lga qo‘yish uchun katta imkoniyat yaratadi.
Eng muhimi, bunday uchrashuvlar O‘zbekiston tadbirkorlarining xalqaro bozorlarga chiqishi va xorijiy hamkorlar bilan aloqalarini kengaytirishga xizmat qiladi. Bu esa "Made in Uzbekistan" brendini jahon bozorida yanada keng targ‘ib qilish uchun muhim imkoniyatdir.
2025-yil aprel oyida Andijon zargarlik klasterini tashkil etdik. Ayni paytda unda 60 ga yaqin tadbirkor faoliyat yuritmoqda. Asosiy maqsadimiz zargarlik sanoatini rivojlantirish, mahalliy xomashyoni qayta ishlash va O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlarini jahon bozoriga olib chiqish.
Prezidentimiz tomonidan zargarlar va tadbirkorlar uchun yaratilayotgan sharoitlar sohaning rivojiga katta turtki bermoqda. Biz ham ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanib, mahsulotlarimizni xorijiy bozorlarga eksport qilishni maqsad qilganmiz.
Bugungi kabi xalqaro tadbirlar bu jarayonni yanada jadallashtirishga xizmat qiladi. Tadbirkorlar o‘rtasida muloqot va hamkorlik qancha ko‘paysa, O‘zbekiston mahsulotlarini xalqaro bozorlarda tanitish uchun shuncha ko‘p imkoniyat paydo bo‘ladi, – dedi "Andijan Gold Center" klasteri asoschisi Iroda Jahongirova.
Tadbirkor Sabina Bekmurodovaning qayd etishicha, bunday tadbirlar tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Jumladan, ular yangi hamkorlar topish, tajriba almashish, o‘z loyihalarini taqdim etish va kelgusida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.
– Ushbu tadbirda ko‘plab tadbirkorlarni bir joyga jamlash va ularni munosib taqdirlashga muvaffaq bo‘lindi. Biroq tadbir bir marta o‘tkazish bilan cheklanmaydi. Kelgusida uni yil davomida yana bir necha bor tashkil etish va shu orqali yanada ko‘proq tadbirkorlar hamda sohadagi liderlarni birlashtirish ko‘zda tutilgan.
Men uchun bu yerda ishtirok etish katta sharaf. Tadbirkorlik faoliyatimni endi boshlagan bo‘lsam-da, mazkur tadbirda nominatsiyaga sazovor bo‘lganim va taqdirlanganim kelgusida yanada rivojlanishim uchun muhim rag‘bat bo‘ldi.
Ayollarga, ayniqsa, yoshlarga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishdan va yangi ish o‘rinlari yaratishdan qo‘rqmaslikni tilayman. Hatto bitta-ikkita ish o‘rni yaratishning o‘zi ham mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotiga qo‘shilgan munosib hissadir. Shu bois, doimo intilish, faol bo‘lish va o‘z mehnati bilan e’tirof etilishga harakat qilish muhim, – dedi tadbirkor Sabina Bekmurodova.
– Kompaniyamiz 1999-yilda Turkiyada ob’ektlarni boshqarish va kompleks muhandislik xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan. 2023-yil oktabr oyida O‘zbekistonda ham kompaniyamiz faoliyatini yo‘lga qo‘ydik. Turkiyada to‘plangan bilim va tajribamizni O‘zbekistondagi ob’ektlarga tatbiq etish maqsadida ish boshladik. Hozirda Toshkentdagi “Trilliant”, “Pyramid Towers”, “Modera” va “Nirvana” kabi yirik loyihalarda kompleks ob’ektlarni boshqarish va muhandislik xizmatlarini ko‘rsatyapmiz. Shuningdek, kompaniyamiz Gruziya, Kosovo, Kipr, Turkiya va Qozog‘istonda ham faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekistondagi faoliyatimizni yanada kengaytirishni rejalashtiryapmiz.
Bugungi tadbir biz uchun juda muhim. Biznes rivojiga qiziqqan va bir maqsad atrofida birlashayotgan tadbirkorlarning bir joyga jamlanishi yangi tanishuvlar va hamkorliklar uchun yaxshi imkoniyat yaratmoqda, – dedi Turkiyaning "TSP" kompaniyasi boshqaruv kengashi raisining o‘rinbosari Jem Kadio‘g‘li.
Forum doirasida tadbirkorlik, moliya, energetika, tibbiyot, turizm, arxitektura va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan loyihalar taqdim etildi. Ochiq muloqot va tajriba almashinuvi yangi biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga yo‘l ochdi.
Tadbir yakunida bir qator hamkorlik memorandumlari imzolandi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Sm-FmausTtk" title=""International Leadership Awards": tadbirkorlik, e’tirof va hamkorlik" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nasiba Ziyodullayeva,
Yoqubjon Meliboyev,
Anvarxo‘ja Ahmedov (video+montaj), O‘zA