O‘zbekistonda suv ta’minoti sohasida qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?
Toshkentda O‘zbekistonda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha donorlar faoliyatini muvofiqlashtirishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
“O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan tashkil etilgan tadbirda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, tarmoqni rivojlantirishga yo‘naltirilgan sarmoya loyihalari, shuningdek, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda sohani modernizatsiya qilish, xizmatlar sifatini oshirish va aholini ichimlik suvi hamda oqova suv xizmatlari bilan qamrab olish darajasini kengaytirishda donorlar bilan hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Bu borada so‘nggi davrda qabul qilingan muhim hujjatlar sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Xususan, 20-iyul kuni davlatimiz rahbari ichimlik va oqova suv xizmatlarini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishib, loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, xizmatlar qamrovini kengaytirish, korxonalarning moliyaviy barqarorligini ta’minlash, sohani raqamlashtirish hamda aholi uchun qulayliklarni oshirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi.
24-iyul kuni esa sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish, boshqaruv va moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, xizmatlar samaradorligini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini yanada yaxshilashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
“O‘zsuvta’minot” AJ raisi Ahmad Suvonqulovning ta’kidlashicha, farmon sohadagi islohotlarni amaliy jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, boshqaruv tizimini takomillashtirish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
– Mazkur hujjat bilan sohadagi yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni tizimli hal etishga qaratilgan aniq mexanizmlar belgilab berildi. Ayniqsa, ichimlik suvini ishlab chiqarish va sotish faoliyatini ajratish, magistral suv ta’minoti tizimini shakllantirish, yagona tarif siyosatini joriy etish, moliyaviy oqimlarni tartibga solish hamda zamonaviy hisobga olish tizimlarini kengaytirish sohaning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, bu o‘zgarishlar nafaqat tarmoq korxonalarining barqaror ishlashini ta’minlaydi, balki aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va sohani zamonaviy talablar asosida rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi, – dedi Ahmad Suvonqulov.
Farmon bilan sohadagi islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha 12 ta ilova asosida aniq maqsad va vazifalar belgilandi. Jumladan, tarmoq infratuzilmasini rivojlantirish, ustuvor shahar va tumanlarda loyihalarni amalga oshirish, suv hisoblagichlarini o‘rnatish, ko‘cha suv tarmoqlarini tashkil etish, davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarni ro‘yobga chiqarish hamda sohani rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Hujjatga muvofiq, ichimlik suvini ishlab chiqarish va sotish faoliyati alohida ajratiladi. Shu maqsadda magistral suv ta’minoti bilan shug‘ullanuvchi “Magistral suv ta’minoti” AJ va uning hududiy filiallari tashkil etiladi. Bunda magistral tarmoqlar va suv taqsimlash inshootlari yagona tizimga birlashtirilib, ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha alohida hisob yuritiladi.
Sohada yagona investitsiya muhitini shakllantirishda tarif siyosati ham muhim o‘rin tutadi. Hozirgacha hududlarda tariflarni belgilash va tasdiqlashdagi turlicha yondashuvlar sarmoya jarayonlariga ta’sir ko‘rsatib kelgan.
2027-yil 1-yanvardan tariflarni tasdiqlash vakolati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga o‘tkaziladi. Magistral suv korxonasi tomonidan hududiy suv ta’minoti korxonalariga yetkazib beriladigan ichimlik suvi uchun yagona ulgurji tarif joriy etiladi.
Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan “O‘zsuvta’minot” AJ va tizim tashkilotlarining moliyaviy mablag‘lari g‘aznachilik tizimi orqali o‘tkazilib, yagona konsolidatsiyalangan balans shakllantiriladi.
Tarmoqni raqamlashtirish doirasida suv ishlab chiqarish ob’ektlari va yangi magistral suv tarmoqlariga faqat ma’lumotlarni masofadan uzatish imkonini beruvchi zamonaviy suv hisoblagichlari o‘rnatiladi. Jami 7 ming 577 ta hisoblagich o‘rnatilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 4 ming 837 tasi Osiyo taraqqiyot banki loyihalari, 2 ming 740 tasi davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Ularni o‘rnatish ishlari 2026-yilda 2 ming 560 ta, 2027-yilda 2 ming 239 ta va 2028-yilda 2 ming 778 ta hisoblagichni qamrab oladi.
Ayni paytda soha rivojida xalqaro hamkorlik ham muhim o‘rin tutmoqda. Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Fransiya taraqqiyot agentligi, Osiyo infratuzilma investitsiyalar banki kabi xalqaro moliya institutlari bilan qiymati 2 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 21 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarning amaliy natijalari Sirdaryo viloyati misolida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Jahon banki mablag‘lari hisobidan faqat Sardoba emas, aynan Sirdaryo viloyatining Sirdaryo, Guliston va Sayxunobod tumanlari hamda Yangiyer shahrida ichimlik suvi ta’minotini, shuningdek, 5 ta tuman markazida oqova suv ta’minotini yaxshilash loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida Sayxunobod tumanining 13 ta mahallasi qamrab olingan. Hozirda tumanning 6 ta mahallasida qurilish ishlari deyarli yakuniga yetgan, qolgan hududlarda ham ishlar davom etmoqda.
– O‘rganishlarimiz davomida qurilish ishlari yaxshi sur’atda olib borilayotganiga guvoh bo‘ldik. Sayxunobod tumanining 6 ta mahallasida ishlar deyarli yakuniga yetgan, qolgan hududlarda ham jarayon davom etmoqda. O‘zbekistonda suv ta’minoti sohasiga Prezident darajasida alohida e’tibor qaratilayotganini ko‘rib turibmiz. Biz ham o‘z loyihalarimiz orqali mazkur muhim sohaning rivojiga hissa qo‘shayotganimizdan mamnunmiz, – deydi Jahon bankining Markaziy Osiyodagi koordinatori Odete Muksimpua.
Bundan tashqari, yana 14 ta istiqbolli investitsiya loyihasi shakllantirilgan. Ularning 2 tasi bo‘yicha joriy yilda kredit va grant bitimlari imzolanib, amaliy ishlar boshlangan. Qolgan loyihalar bo‘yicha esa loyihadan oldingi hujjatlarni ishlab chiqish, texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlash va moliyalashtirish shartlarini kelishish ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan umumiy qiymati 1,1 milliard dollar bo‘lgan 7 ta davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda. Mazkur loyihalar sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, xizmatlar sifatini oshirish, xususiy investitsiyalarni jalb qilish va boshqaruv samaradorligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Davra suhbatida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, xorijiy tajribani o‘rganish va sohada zamonaviy yechimlarni keng joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
[gallery-31446]
Nilufar Bozorova, Oybek Pardayev (surat) O‘zA