Institutda yoshlar festivali
Andijon davlat texnika institutida Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekistonning baxtli yoshlari” shiori ostida yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Andijon viloyat kengashi hamda viloyatdagi kuch tuzilmalari hamkorligida o‘tkazilgan mazkur festivalda Andijon viloyatidagi oliy o‘quv yurtlari talabalari, professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Festival ochilishida sohibqiron Amir Temurning ibratli hayoti va faoliyati, milliy davlatchilik asoschisi sifatidagi, insoniyat tamaddunidagi o‘rni haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, taniqli san’atkorlar, ijodkor talabalar o‘z chiqishlari bilan ishtirokchilarga ko‘tarinki va bayramona kayfiyat ulashdi.

“Yangi O‘zbekistonning baxtli yoshlari” shiori ostidagi ushbu festival talaba yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda tariximizga, milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan hurmatini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Festivalning bir guruh faol ishtirokchilari tashkilotchilar tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.