Innovatsion tadqiqotlarga bag‘ishlangan xalqaro anjuman
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakulteti maktabgacha ta’lim kafedrasi tomonidan “Maktabgacha ta’limda innovatsion tadqiqotlar: muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Tadbirda institut professor-o‘qituvchilari, shuningdek, Qozog‘iston, Polsha davlatlaridan olimlar va talaba-yoshlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Konferensiyada maktabgacha ta’limni rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari, sohada sun’iy intellekt asosida bolalarda kreativlikni rivojlantirish, Singapur tajribasi asosida maktabgacha yoshdagi bolalarda tushunchalarni shakllantirish, shuningdek, bolalarni kundalik tahdidlardan himoya qilish kabi vazifalar muhokama etildi.

Shuningdek, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida xorijiy tajribadan foydalangan holda “O‘yinga yo‘naltirilgan ta’lim va tarbiya” jarayonini olib borish, maktabgacha yoshdagi bolalarda paremik janrlar orqali ekologik madaniyatni rivojlantirish masalalari hm muhokama qilindi. Maktabgacha ta’limda innovatsion tadqiqotlarni takomillashtirish, yuzaga kelayotgan har qanday muammolarga ilmiy yechim topish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni takomillashtirishga yo‘naltirilgan takliflar ishlab chiqildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga institutning maktabgacha ta’lim yo‘nalishi 3-kurs amaliyotchi talabalarining Nukus shahridagi 48-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari bilan hamkorlikda tashkil etgan konsert dasturi ham havola etildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.