Innovatsion g‘oyalar va yangi imkoniyatlar maydoni
Buxoroda O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida “Kreativ tadbirkor yoshlar” forumi o‘tkazildi. Yoshlarning innovatsion g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish hamda istiqbolli biznes loyihalarini rivojlantirishga ko‘maklashishga qaratilgan mazkur tadbir bugungi yosh avlodning iqtisodiy jarayonlardagi faolligi tobora ortib borayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Bugun Yangi O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati oddiy ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash doirasidan chiqib, ularning bilim va salohiyatini real iqtisodiy qiymatga aylantirishga qaratilgan izchil tizimga aylanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, ularning zamonaviy kasb va ko‘nikmalarni egallashi, innovatsion g‘oyalarini hayotga tatbiq etishi uchun zarur sharoitlar yaratish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani ham bu jarayonning muhim omilidir.
Forumda so‘zga chiqqanlar mamlakatda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, ularni biznes muhitiga keng jalb qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish va raqobatbardosh mahsulot hamda xizmatlarni ko‘paytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida fikr bildirdi. Shuningdek, mazkur jarayonda O‘zLiDePning yoshlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilashdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratildi.


Forumning eng qiziqarli va mazmunli qismi — yosh tadbirkorlarning kreativ hamda innovatsion biznes loyihalari taqdimoti bo‘ldi. Unda Boburmirzo Toyirov “Robokit”, Mirjon Hikmatillayev “Edumate”, Zarina Komilova “Recarbon”, Mohinur Hikmatillayeva “Kidgarden”, Sevinch Hasanova esa “TopAI” loyihalari bilan ishtirok etishdi.
Taqdim etilgan loyihalar yo‘nalishlarining o‘ziyoq yoshlarning tadbirkorlikka bo‘lgan qarashi o‘zgarayotganini ko‘rsatadi. Robototexnika, ta’lim texnologiyalari, ekologik yechimlar, bolalar rivoji va sun’iy intellekt kabi sohalardagi tashabbuslar bugungi yoshlar faqat mavjud imkoniyatlardan foydalanuvchi emas, balki yangi imkoniyatlarni yaratuvchi kuchga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
Ayniqsa, “Robokit”, “Edumate” va “TopAI” kabi loyihalarning raqamli texnologiyalar bilan uyg‘unligi, “Recarbon” tashabbusining ekologik barqarorlikka qaratilgani, “Kidgarden” loyihasining esa bolalar ta’limi va rivojiga yo‘naltirilgani yosh tadbirkorlar oldidagi maqsadlar tobora kengayib borayotganini anglatadi. Bu kabi tashabbuslar nafaqat yangi biznes sub’ektlarini shakllantiradi, balki innovatsiya, raqobat va yangi ish o‘rinlari uchun zamin yaratadi.


Zero, davlat rahbari ta’kidlab kelayotganidek, yoshlar — mamlakatning eng katta strategik boyligi. Ularning bilim, tashabbus va ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash esa kelajak iqtisodiyotining poydevorini mustahkamlash demakdir. Shu nuqtai nazardan, yoshlarning har bir innovatsion g‘oyasiga investitsiya sifatida qarash, ularni g‘oyadan amaliy loyihaga, loyihadan esa barqaror biznesgacha olib borish muhim ahamiyat kasb etadi.
“Kreativ tadbirkor yoshlar” forumi ham ana shu maqsadlarga xizmat qiladigan muloqot va tajriba almashish maydoni bo‘ldi. Bu yerda yoshlarning g‘oyalari nafaqat namoyish etildi, balki ularni amaliyotga tatbiq etish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va biznes tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun imkoniyatlar muhokama qilindi.
Forum yakunida faol ishtirokchilar hamda istiqbolli biznes loyihalari mualliflari partiya faollari va deputatlar tomonidan munosib taqdirlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri