Jizzaxda yangi loyihalar amalga oshiriladi
Jizzax viloyatida Xitoyning “JDB Gtoup” kompaniyasi bilan suv resurslarini qayta ishlash va farmatsevtika sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi. Mazkur kelishuvlarga Zomin tuman hokimligida o‘tgan muzokaralar davomida erishildi.

Viloyat iqtisodiyotiga xorijiy sarmoyalarni keng jalb etish, sanoat tarmoqlarini rivojlantirish va istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq qilish yo‘lida yana bir muhim qadam tashlandi. Xitoyning “JDB Group” kompaniyasi delegatsiyasi viloyatga tashrif buyurib, hududning investitsiyaviy salohiyati, mavjud resurslari va hamkorlik uchun istiqbolli yo‘nalishlari bilan tanishdi.

Uchrashuvda viloyat hokimi o‘rinbosarlari Bahrom Yusupov hamda Bekzod Egamov, Zomin tumani hokimi Alisher Abdug‘aniyev, Xitoy Xalqaro madaniy-kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan, Gonkongning “JDB Group” kompaniyasi asoschisi Chan Xun To hamda kompaniyaning investitsiyalar va yashil sanoatni rivojlantirish bo‘yicha mas’ul vakillari ishtirok etdi.

Mazkur muloqot tasodifiy emas. Joriy yilning 7-14-oktabr kunlari viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyevning Xitoyga xizmat safari chog‘ida delegatsiya vakillari bilan dastlabki muzokaralar o‘tkazilib, ular Jizzaxga taklif etilgan edi. Bu galgi uchrashuv esa o‘zaro kelishuvlarni amaliy hamkorlikka aylantirish, aniq loyihalarni belgilash va investitsiyaviy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish nuqtai nazaridan ahamiyatlidir.

Muzokaralar davomida suv resurslarini qayta ishlash, ichimlik va salqin ichimliklar ishlab chiqarish, tog‘-kon sanoati hamda geologiya sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, energetika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, farmatsevtika va charm sanoati kabi iqtisodiyotning muhim yo‘nalishlaridagi investitsiyaviy istiqbollarga alohida e’tibor qaratildi.

Endilikda asosiy vazifa – bildirilgan takliflarni puxta o‘rganish, iqtisodiy jihatdan maqbul tashabbuslarni tanlab olish va ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilash. Zero, har bir samarali investitsiya yangi ishlab chiqarish quvvatlari, qo‘shimcha ish o‘rinlari va hudud iqtisodiyoti uchun barqaror o‘sish imkoniyatlarini yaratishi mumkin.

Xitoylik hamkorlarning Jizzaxga tashrifi viloyatning xalqaro iqtisodiy aloqalarini mustahkamlash, xorijiy sarmoyadorlar bilan hamkorlik ko‘lamini kengaytirish va yangi investitsiyaviy loyihalarga zamin yaratish yo‘lidagi muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi.
Abdujalol Qayumov, Jamshid Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari