Indoneziyada bir kun: ikki kuchli zilzila, 40 kishi halok bo‘ldi
Indoneziyaning Flores oroli yaqinida, o‘chog‘i yer sathidan qariyb 10 kilometr pastda qayd etilgan 7,7 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Yer silkinishi oqibatida kamida 40 kishi halok bo‘lgan, 50 nafar fuqaro jarohatlangan. Zilzila ertalab sodir bo‘lib, aholi orasida vahima uyg‘otgan.
Dastlab sunami xavfi e’lon qilindi. Keyinroq mamlakat Meteorologiya, iqlim va geofizika agentligi dengiz sathida sohil aholisiga xavf tug‘diradigan ehtimoliy o‘zgarish kuzatilmaganini bildirdi. Nagekeo hududida qariyb 2 000 kishi xavfsiz joyga o‘z ixtiyori bilan ko‘chgan.
Zilzila Sharqiy va G‘arbiy Nusa-Tenggara, Janubiy Sulavesi hududlarida ham sezilgan. Qutqaruvchilar halok bo‘lgan va jarohatlanganlar haqidagi ma’lumotni aniqlashtirmoqda. Yevropa Ittifoqi qidiruv-qutqaruv ishiga yordam berish uchun “Copernicus” sun’iy yo‘ldosh tizimini ishga tushirishga tayyorligini bildirdi.
Keyinroq Sumatra orolida, 183 kilometr chuqurlikda qo‘zg‘algan 6,9 magnitudali ikkinchi zilzila qayd etildi. Mutaxassislar chuqur zilzilalar odatda yuzaga yaqin silkinishga nisbatan kam vayronagarchilik keltirib chiqarishini ta’kidlagan.
Musulmon Ziyo, O‘zA