Imtihonda imkoniyat emas, bilim baholanadi
Imtihon oldidan talabgor uchun eng muhimi — savollarga javob berish. Ammo ko‘zi ojiz yoki zaif ko‘ruvchi inson uchun bunga yana bir to‘siq — test topshiriqlarini ko‘rish va kompyuterdan foydalanish bilan bog‘liq qiyinchiliklar qo‘shilishi mumkin. Sirdaryoda tashkil etilayotgan maxsus formatdagi chet tili imtihonlarida esa bu masala boshqacha hal etilmoqda. Texnik cheklovlar emas, talabgorning bilimi baholanmoqda.
Buning uchun imtihonlar maxsus kompyuter dasturi, moslashtirilgan test topshiriqlari va zarur hollarda assistent yordamida o‘tkazilmoqda. Natijada ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi fuqarolar chet tili bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini o‘zlariga mos sharoitda namoyon etish imkoniga ega bo‘lishmoqda.
Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan 2025-yil fevral oyidan joriy etilgan mazkur tartib Sirdaryoda ham amaliyotga tatbiq etildi. Asosiy tamoyil esa oddiy: talabgorga imtiyoz emas, teng sharoit yaratish.

— Bunday imtihonlarni tashkil etishdan maqsad — talabgorning imkoniyatiga qarab yondashish emas, uning bilimini xolis baholashdir. Ko‘zi ojiz yoki zaif ko‘ruvchi shaxs ham o‘z bilimini boshqa talabgorlar qatorida namoyon etishi kerak. Shu bois imtihon jarayonida texnik imkoniyatlardan foydalanish, individual ehtiyojlarni inobatga olish va baholash xolisligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, — deydi Bilim va malakalarni baholash agentligi Sirdaryo viloyati bo‘limi bosh mutaxassisi Jamshid Mamarajabov.
Imtihon kompyuter orqali, maxsus dastur asosida o‘tkaziladi. Zarur hollarda talabgorga assistent biriktiriladi. Bunda u savollarni o‘qish yoki texnik jarayon bilan bog‘liq qiyinchiliklarga emas, o‘z bilimiga e’tibor qaratadi.

Sinovda chet tilini tinglab tushunish va gapirish ko‘nikmalari baholanadi. Tinglab tushunish uchun 30 daqiqa, gapirish qismi uchun 15 daqiqa vaqt beriladi. Talabgor imtihonni qaysi qismdan boshlashni o‘zi tanlaydi.
Yana bir jihat — testdagi savollar avtomatik ravishda keyingi topshiriqqa o‘tadi. Bu oddiy texnik yechimdek ko‘rinsa-da, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi talabgor uchun muhim qulaylik. Chunki ortiqcha harakat va texnik amallar kamayib, e’tibor topshiriqni bajarishga qaratiladi.
Imtihon jarayonining shaffofligi ham nazoratda. Sinovlar videokamera orqali to‘liq qayd etiladi, videoyozuvlar bir yil davomida saqlanadi. Natijalar imtihon yakunlanganidan keyin bir hafta ichida e’lon qilinadi.

Talabgorlar natijalarini my.gov.uz portali orqali ko‘rishlari va elektron sertifikatlarini yuklab olishlari mumkin. Belgilangan talablarni bajargan ishtirokchilarga CEFR mezonlari asosida B1, B2 va C1 darajali sertifikatlar beriladi.
Muhimi, bu yerda gap imtihonni yengillashtirish haqida emas. Talabgorning jismoniy imkoniyati uning bilimiga baho berish mezoniga aylanmasligi kerak. Shu maqsadda sinov muhiti moslashtirilmoqda.
— Maxsus formatning muhim natijasi shundaki, talabgorning bilimi imtihon jarayonidagi cheklovlar bilan emas, uning haqiqiy natijasi bilan belgilanadi. Har bir talabgorning ehtiyoji inobatga olinib, o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun zarur sharoit yaratilmoqda, — deydi Jamshid Mamarajabov.

Sirdaryodagi ushbu amaliyot inklyuziv baholashning mohiyatini ham ko‘rsatadi. Ya’ni hammaga bir xil vositani berish emas, balki har bir talabgor o‘z bilimini to‘liq namoyon eta oladigan sharoitni yaratish. Shunda imtihon natijasiga uning ko‘rish imkoniyati emas, bilimi javob beradi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri