Ilmli ayollar chuqur bilimli avlod bunyodkori
O‘zbekiston XDP Surxondaryo viloyat kengashi Termiz davlat pedagogika institutida “Ayol ilmli bo‘lsa, kelajak avlod bilimli bo‘ladi” mavzuiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etdi.
Partiya xodimlari, institutning olima ayollari, xalq deputatlari tuman kengashi deputatlari va talaba yoshlar ishtirok etgan davra suhbatida XDP viloyat kengashi raisi o‘rinbosari A.Xolto‘rayeva mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi yuzasidan ko‘rsatilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritdi. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirib, ilm-fan sohasida ham salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritishida muhim omil bo‘layotgani to‘g‘risida fikr almashdi.

Tadbirda Termiz davlat pedagogika instituti texnologiya va geografiya kafedrasi o‘qituvchisi Sh.Hakimova oliy ta’lim sohasidagi yangiliklar, xotin-qizlarning o‘qib, izlanishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar xususida atroflicha ma’lumot berdi.

Institutda 152 nafar pedagog xotin-qiz mehnat qilib, yoshlarga ilm-fan sirlarini chuqur o‘rgatmoqda. Ularning 40 dan ortig‘i olima ayollardir.
Davra suhbatida institutning lider rahbar ayollari o‘zlarining hayot va mehnat yo‘llari, ilm-fan sohasida erishgan va qo‘lga kiritgan yutuqlari haqida so‘zlab berdi. Talaba qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA