Ilmli ayol – jamiyat tayanchi
Andijon viloyati Marhamat tumanida “Ilmli ayol – kuchli jamiyat” mavzusida xotin-qizlar ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi.
Tuman oila va xotin-qizlar, Maktabgacha va maktab ta’limi, ichki ishlar bo‘limlari mutasaddilari, umumta’lim maktablarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, psixologlari, mahallalardagi xotin-qizlar faollari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda xotin-qizlarning o‘qishi, ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, o‘z iqtidor va imkoniyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi ta’kidlandi.
– Forumning asosiy maqsadi ilm yo‘lida muvaffaqiyatga erishishga intilayotgan faol, iqtidorli qiz va ayollarni qo‘llab-quvvatlash, – deydi Marhamat tumani hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Hafizaxon Mamarizayeva. – Qolaversa, opa-singillarimizning ta’lim olishi, kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, huquqiy savodxonligi hamda ijtimoiy faolligini oshirishga ko‘maklashishdir.


Forum davomida bugungi kunda yurtimizda xotin-qizlarning ta’lim olishi va kasb-hunar o‘rganishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish mexanizmlari haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, yosh qizlarni ilm-fanga jalb etish, ularni mustaqil hayotga tayyorlash, oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish hamda turli salbiy holatlarning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Ishtirokchilar tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali olib borish yuzasidan taklif, fikr-mulohaza va tashabbuslar ilgari surildi.
Forum yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanib, xotin-qizlarning ta’lim olishi va jamiyat hayotidagi faolligini yanada oshirish bo‘yicha kelgusidagi muhim vazifalar belgilab olindi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri