“Yashil” texnikumlar: ekologik ta’limda yangi bosqich
Mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini hayotga tatbiq etish hamda mehnat bozori uchun zamonaviy mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda.
Bu jarayonda ta’lim tizimiga ham alohida e’tibor qaratilib, respublika bo‘ylab yangi tashkil etilayotgan “yashil” texnikumlar mazkur sohadagi kadrlar salohiyatini yuksaltirishda muhim o‘rin egallashi kutilmoqda.
Mavjud qonunchilikka asosan, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tasarrufidagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (“Green University”) huzurida respublika hududlarida “yashil” texnikumlar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Shu munosabat bilan mazkur ta’lim muassasalariga turli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qituvchi-pedagoglar ishga qabul qilinishi e’lon qilindi.
Yangi texnikumlarda ekologik ta’lim bilan cheklanib qolmasdan, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan o‘nlab mutaxassisliklar tashkil etilgan. Ular orasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari, dasturiy injiniring, dronlardan foydalanish, chiqindilarni qayta ishlash, gidrometeorologiya, kompyuter tarmoqlari, agronomiya, veterinariya, kadastr, buxgalteriya, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi kabi zamonaviy va amaliy sohalar mavjud.
Bu esa “yashil” texnikumlar nafaqat ekologik bilimlarni, balki raqamli texnologiyalar, innovatsion ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi sohalari uchun ham raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qilishini anglatadi.
Pedagoglar uchun qanday imkoniyatlar yaratilmoqda?
Ta’lim muassasalariga ishga qabul qilinadigan o‘qituvchilar uchun bir qator qulay shart-sharoitlar nazarda tutilgan.
Jumladan, raqobatbardosh oylik ish haqi, zamonaviy laboratoriya va o‘quv xonalari, innovatsion ta’lim muhiti, muntazam malaka oshirish va kasbiy rivojlanish imkoniyatlari, ekologik va ilmiy loyihalarda ishtirok etish imkoni taqdim etiladi.
Bugungi kunda ta’lim sohasida nafaqat bilim berish, balki ekologik madaniyat va mas’uliyatni shakllantirish ham muhim vazifaga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan, “yashil” texnikumlarda faoliyat yuritadigan pedagoglar kelajak avlodning ekologik tafakkurini rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ekologik ta’limga investitsiya kiritish — kelajak iqtisodiyoti va atrof-muhit barqarorligini ta’minlashning eng samarali yo‘llaridan biri hisoblanadi. Shu bois mazkur tanlov nafaqat ish o‘rni, balki mamlakatning ekologik taraqqiyotiga hissa qo‘shish imkoniyati sifatida ham ahamiyat kasb etadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA