Ilm, mehnat va tashabbus
“Zulfiyaxonim izdoshlari”
Yurtimizda ilm-fan, davlat boshqaruvi va jamiyat taraqqiyotida faol ishtirok etayotgan xotin-qizlar soni ortib bormoqda. Buxorolik Nozima Xoliqova ana shunday faol, tashabbuskor va zamonaviy bilimlarga ega xotin-qizlardan biri hisoblanadi.

Nozima Xoliqova 1992-yil Buxoro shahrida tug‘ilgan. Yoshligidan bilim olishga bo‘lgan qiziqishi, til o‘rganishga bo‘lgan intilishi va o‘z ustida ishlashga bo‘lgan qat’iyati uning keyingi faoliyatida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qildi. U ingliz tili (tarjimashunoslik) yo‘nalishida tahsil olgan. Shuningdek, Buxoro davlat universitetida tayanch doktorant sifatida ilmiy izlanishlar olib borgan.
N. Xoliqovaning mehnat faoliyati izchillik va samaradorlik bilan ajralib turadi. U Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib, ta’lim tizimini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shdi. Shu bilan birga, Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligining Buxoro viloyati hududiy vakilligi rahbari sifatida yoshlarda til o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni oshirishga xizmat qildi.

Ayni paytda u O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Buxoro viloyati hududiy filiali rahbari lavozimida faoliyat yuritmoqda. Mazkur lavozimda aholiga xizmat ko‘rsatish, migratsiya jarayonlarini samarali tashkil etish va fuqarolar manfaatlarini himoya qilish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Nozima Xoliqova amaliy faoliyat bilan bir qatorda ilm-fan sohasida ham salmoqli natijalarga erishgan. U fan yo‘nalishida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibi bo‘lib, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega.
U ingliz, rus, turk va arab tillarini biladi. Xalqaro tajriba orttirish maqsadida Shri-Lanka va Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini boyitgan.
Uning hayot yo‘li izlanish, mehnat va sadoqat namunasi bo‘lib, yoshlar uchun ibrat maktabidir.
Tohir ISTATOV(surat),O‘zA