Ilm-fandagi qardoshlik rishtalari
FOTOREPORTAJ
Buxoro shahri qadimdan ikki qardosh xalq — o‘zbek va tojik millatlarining do‘stlik, hamjihatlik hamda ilm-fan va madaniyat markazi sifatida shakllangan hudud hisoblanadi.
Bugungi kunda Buxoro davlat universiteti ushbu an’analarni zamonaviy ta’lim standartlari asosida davom ettirib, Tojikistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan strategik hamkorlikni rivojlantirmoqda.
Universitetning filologiya fakulteti tarkibida tashkil etilgan “Filologiya va tillarni o‘qitish: tojik tili” yo‘nalishida 50 nafar talaba tahsil olmoqda. Yoshlarga tojik tili va adabiyoti bo‘yicha nazariy hamda amaliy bilimlar tajribali professor-o‘qituvchilar tomonidan berilmoqda.
2024-yil Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzodaning Buxoro davlat universitetiga tashrifi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashda muhim voqea bo‘ldi. Universitet rektori Obidjon Hamidov bilan uchrashuvda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Tashrif davomida Axborot-resurs markaziga tojik tilidagi nodir adabiyotlar taqdim etildi.
[gallery-28313]
BuxDU va Tojikiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik xalqaro miqyosda ham davom etmoqda. Jumladan, “BIMO-2026” va “BICHO-2026” xalqaro olimpiadalarida tojikistonlik yoshlar faol ishtirok etdi. Shuningdek, Tojikiston milliy universiteti dotsenti Shuhrat Rajabov xalqaro ekspert sifatida ishtirok etgan.
Universitetda “Ayniy vorislari” xalqaro elektron jurnali faoliyat yuritib, tojik olimlarining ilmiy ishlarini yoritib kelmoqda. Shuningdek, Xo‘jand davlat universiteti, Tojikiston xalqaro turizm va tadbirkorlik universiteti va Panjikent davlat pedagogika instituti bilan hamkorlikda qo‘shma dasturlar, “Yozgi maktablar” va ERASMUS+ loyihalari amalga oshirilmoqda.
Mazkur hamkorlik ikki qardosh xalq o‘rtasidagi ma’rifiy aloqalarni mustahkamlab, ilm-fan va ta’lim sohasida yangi imkoniyatlarni ochmoqda.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA