Ilg‘or xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish zarur
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasida irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlari holatini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni o‘rganish natijalari muhokama qilindi.
2026-yilning o‘tgan davrida irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarida qurilish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari uchun davlat byudjetidan 200,1 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani qayd etildi.
Ushbu mablag‘lar hisobidan 66 km kanal va 40 km kollektor-drenaj tarmoqlari qurilgan hamda rekonstruksiya qilingan, shuningdek, 687 km tarmoqlarda ta’mirlash ishlari bajarilgan.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida 11,8 million kub metr suv yo‘qotilishining oldi olingan, 18,5 ming gektar yerning suv ta’minoti hamda 7,2 ming gektar yer maydonlarining meliorativ holati yaxshilangan.
Hududda 260,7 ming gektar sug‘oriladigan maydonlarda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan. Ular jami maydonning 51 foizini tashkil etadi. 2026-yil yakuniga qadar ushbu ko‘rsatkichni 58 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Suv xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish va boshqaruv tizimini modernizatsiya qilish doirasida 995 “Aqlli suv” va 1,3 mingta “Dayver” qurilmasi o‘rnatilgan. Shuningdek, 7 ta yirik suv xo‘jaligi ob’ektida avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy etilgan.
Senatorlar tomonidan sohada ayrim muammolar mavjudligi qayd etildi. Jumladan, suv hisobini yuritishni raqamlashtirish hamda oldingi yillarda yer maydonlarida joriy etilgan suv tejovchi texnologiyalar holatini xatlovdan o‘tkazish ishlari yakunlanmagan. Sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish bo‘yicha belgilagan vazifalar ijrosi to‘laqonli ta’minlanmagan.
Senatorlar suv asosan tuproq o‘zanli kanallarda yo‘qotilayotgani sababli ushbu tarmoqlarni betonlashtirish orqali yo‘qotishlarining oldini olish hamda suv xo‘jaligi inshootlarini real vaqt rejimida nazorat qilish va avtomatlashtirilgan monitoring tizimiga o‘tkazish ishlarini to‘liq yakunlash bo‘yicha taklif va tavsiyalar berdi.
Majlisda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tadbirlarini o‘z vaqtida amalga oshirish, suvni tejash va kanallarni betonlashtirish ishlarini moliyalashtirish maqsadida xorijiy grant va investitsiya mablag‘larini jalb qilish zarurligi ta’kidlandi.
Ilg‘or xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va foydalanish bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda sohadagi mutaxassislar malakasini tizimli oshirib borish choralarini ko‘rish muhim ekani aytib o‘tildi.
Muhokama yakunida tegishli qaror qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA