Ikki tennischimiz xalqaro turnirda sovrindor bo‘ldi
Xitoy va Misrda Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan turnirlarda hamyurtlarimiz Sevil Yo‘ldosheva hamda Layma Vladson vitse-chempionga aylandi.
Dastlab Anning shahrida o‘tgan W35 tasnifidagi turnirda Sevil Yo‘ldosheva juftlik bellashuvlarida Janubiy Koreya vakili Jiho Shin bilan tandem hosil qildi va finalga qadar o‘tgan barcha bellashuvlarda zafar quchib, yakunda o‘tgan haftadagi kabi musobaqa sovrindoriga aylandi.
Sharm-el-Sheyxda W15 toifasida o‘tkazilgan xalqaro musobaqada hamyurtimiz Layma Vladson slovakiyalik dugonasi Katarina Kuzmova bilan duet hosil qilgan holda final bosqichiga qadar muvaffaqiyatli odimladi. Afsuski, ular bosh sovrin uchun o‘tgan uchrashuvda neytral tennischilar Valeriya Armetova hamda Darya Harlanovaga kutilmaganda imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Shunday bo‘lsada, Layma va Katarina turnirning vitse-chempioni, deya e’tirof etildi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA