Ikki qardosh xalqning adabiy do‘stligi
Keyingi yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining turkiy xalqlar bilan adabiy-ma’rifiy aloqalari yangi rivojlanish bosqichiga chiqdi. O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Vaqt haykali” kitobi taqdimoti munosabati bilan bir guruh o‘zbekistonlik ijodkorlar Ozarbayjon Respublikasida bo‘lib qaytgani buning yana bir yorqin namunasidir.
Adabiy tashrif davomida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov, uyushma a’zosi, adabiyotshunos Shahlo Hojiyeva va boshqalar qatnashdi.

Mazkur ijodiy safar ikki xalq adabiy aloqalarini yanada mustahkamlash, madaniy hamkorlikni kengaytirish hamda zamonaviy adabiyot namunalari bilan o‘zaro tanishishga xizmat qildi.
Safarning birinchi kuni mehmonlar Ganja shahrida bo‘lib, buyuk mutafakkir va shoir Nizomiy Ganjaviyning muqaddas qadamjosi – qabrini ziyorat qildi. Shoir xotirasiga ehtirom bildirilib, uning boy adabiy merosi haqida fikr-mulohazalar aytildi.

Shuningdek, delegatsiya Mir Jalol Pashayevning uy-muzeyiga borib, adibning hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishdi. So‘ng Ozarbayjon Yozarlar birligining Ganja filialida bo‘lib, mahalliy ijodkorlar bilan samimiy muloqot o‘tkazildi, adabiyotning bugungi jarayonlari va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Tashrif doirasida Nigor Rafibeyli haykali poyiga gullar qo‘yilib, shoir xotirasiga ehtirom ko‘rsatildi.
Mazkur ijodiy safar ikki qardosh xalq o‘rtasidagi madaniy-adabiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilib, yangi hamkorlik yo‘nalishlari uchun zamin yaratdi.

Boku shahrida O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Vaqt haykali” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida dastlab mehmonlar Ozarbayjon Respublikasining Birinchi Prezidenti Haydar Aliyev qabrini hamda “Shahidlar xiyoboni”ni ziyorat qildi. Bu tashrif ikki qardosh xalq o‘rtasidagi hurmat va e’tirof ramzi sifatida baholandi.
Shundan so‘ng Ozarbayjon Yozarlar birligining “Natavan” klubida kitobning taqdimot marosimi o‘tkazildi. Uni Ozarbayjon xalq yozuvchisi Anar ochib berdi. So‘ng O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ushbu tadbirni tashkil etgani uchun tashkilotchilarga o‘z minnatdorligini bildirdi.
Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasining Ozarbayjondagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov, Ozarbayjon Milliy Majlisi deputati Javanshir Feyziyev, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov, Ozarbayjon xalq yozuvchisi Chingiz Abdullayev, tarjimonlar Yashar Qosim va Akif Azalp, filologiya fanlari doktori, professor Almaz Ulvi Binnatova, shuningdek shoir Ilg‘or Turk o‘g‘li hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid ishtirok etib, “Vaqt haykali” kitobi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Notiqlar asarning badiiy qimmati, falsafiy mazmuni va inson hamda vaqt munosabatini teran yoritganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, kitob O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi adabiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Taqdimot marosimida taniqli yozuvchi-publitsist, “Ozarbayjonim” xalqaro jurnali bosh muharriri, Xalqaro fanlar akademiyasi akademigi Emil Nasirli “Ozarbayjonning do‘sti” oltin ordenini hamda jurnalning faxriy a’zolik sertifikatini O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyidga topshirdi.
Emil Nasirlining ta’kidlashicha, “Ozarbayjonim” xalqaro jurnali tahririyat kengashi Sirojiddin Sayyidni Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik, qardoshlik va o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun ushbu mukofotga munosib deb topgan va uni bir ovozdan jurnalning faxriy a’zosi sifatida qabul qilgan.
N.Usmonova,
O‘zA