Turkiy xalqlar birligi kuychisi
Uning she’rlarida bezak va hasham, soxtalik yo‘q. She’riyatning qonuniyatlari, qofiyalariga sig‘magan satrlarida haqiqatning iztirobli qiyofasi bo‘y ko‘rsatadi. Adabiyotshunoslar ta’riflaganidek, Shavkat Rahmon o‘zbek she’riyatida «toshdek qattiq, guldek nafis» uslub yaratgan shoirdir. Uning ijodidagi betakrorlik isyonkorlik va hurfikrlilikda yaqqol namoyon bo‘ladi.
Aprel oyida adabiyot, do‘stlik va hamjihatlik, ma’rifatga oid bayramlar, ijodiy loyihalar ko‘lami tobora kengaygan bir paytda Qirg‘izistonning O‘sh shahrida atoqli o‘zbek shoiri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Shavkat Rahmon tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan tantanali adabiy anjuman o‘tkazildi. Mazkur tadbir TURKSOY xalqaro tashkiloti shafeligida hamda O‘zbekiston va Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmalari, ikki qardosh mamlakat madaniyat vazirliklari hamkorligida tashkil etildi.

Bobur nomidagi O‘sh davlat akademik o‘zbek musiqali drama teatri shu kuni adabiyot muxlislari bilan gavjum bo‘ldi.
Yubileyning asosiy tantanalari ushbu tarixiy teatrda bo‘lib o‘tdi. Dastlab teatr jamoasining she’riy kompozitsiyalari namoyish qilindi. Yoshlar shoir she’rlarini o‘zbek va qirg‘iz tillarida maromiga yetkazib ijro qilishdi. Shavkat Rahmon she’rlari asosida yaratilgan qo‘shiqlar yangradi.
O‘sh shahri hokimi Janarbek Akayev, Qirg‘iz Respublikasi davlat kotibi, Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Arslon Qoychiyev, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, Qirg‘iziston–O‘zbekiston do‘stlik jamiyati ijrochi direktori Begijon Ahmedov, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim va boshqalar Shavkat Rahmon ijodi, uning ibratli fazilatlari, adabiy aloqalarning ikki xalq do‘stligi tobora mustahkamlanayotgani xususida batafsil so‘zladilar.

Turkiy xalqlar shoiri sifatida e’tirof etiladigan Shavkat Rahmon ijodining o‘ziga xosligi erkinlik sog‘inchi, milliy g‘urur va so‘zning halolligida yaqqol namoyon bo‘ladi. Ijodkor sho‘ro davri cheklovlariga qaramay, milliy ozodlik va ruhiy erkinlikni kuyladi. Uning she’rlarida millat taqdiri, milliy g‘urur va xalqning dardi asosiy o‘rin egallaydi. Shavkat Rahmon she’riyati faqat his-tuyg‘ulardan iborat emas, balki isyon va kurashchanlik ruhi bilan sug‘orilgan.
Turkiy xalqlar birligi kuychisi sifatida shoir nafaqat O‘zbekiston, balki butun turkiy dunyoning ozodligi va birligini orzu qilgan va bu mavzudagi badiiy barkamol she’rlar muallifidir. So‘zga o‘ta mas’uliyat bilan yondashgan Shavkat Rahmon she’riyatni o‘zining “qismati” deb bilgan edi. U mustaqillik g‘oyalarini hali sho‘ro davridayoq baralla ayta olgan, erk va ozodlikni muqaddas bilgan shoir hisoblanadi.

Tadbir davomida Shavkat Rahmonning O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida “Adabiyot” nashriyotida chop etilgan “Tanlangan asarlar” kitobi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu kitob shoir tavalludning 75 yilligiga munosib sovg‘a bo‘ldi.
Tadbirda shoirning umr yo‘ldoshi Manzura aya, qizlari Shoira va Kamola Rahmonova so‘zga chiqib ushbu nufuzli tadbirni tashkil etgan barchaga minnatdorlik bildirdi. Anjumanni teatri direktori A’zam Rahim yakunlab, ushbu xotira tadbiriga kelganlarga minnatdorlik bildirdi.
Darhaqiqat, Shavkat Rahmon tavallud topgan O‘shda bo‘lib o‘tgan mazkur tadbir adabiyot, do‘stlik va ma’rifat, she’riyat bayramiga aylanib ketdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA