Ijodkordan kitobxonga: Farmon Toshevning ma’naviy tuhfasi
Samarqandlik jurnalist, shoir va yozuvchi, “Zarafshon” gazetasi bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar va kitob taqdimotlariga boy bo‘ldi.
Dastlab viloyat axborot-resurs markazida ijodkor bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda faxriy ijodkorlar, kutubxona xodimlari, yoshlar va kitobxonlar ishtirok etdi.
Muloqot davomida Farmon Toshev jurnalistika va adabiyotdagi ko‘p yillik faoliyati, ijodning mashaqqatli va sharafli yo‘li, kasb davomida orttirgan tajribalari, uchrashuv va xotiralari haqida so‘zladi. Ayniqsa, yoshlarni kitob mutolaasiga jalb etish, ularda mutolaa madaniyatini shakllantirish bugungi axborot oqimi kuchaygan davrda har qachongidan-da muhim ekanini ta’kidladi.
Kitobxonlikni keng targ‘ib etishga davlat darajasida qaratilayotgan e’tibor, yaratilayotgan imkoniyat va rag‘batlar natijasida jamiyatda mutolaaga qiziqish tobora ortib borayotgani qayd etildi. Zero, kitob insonning nafaqat bilim va dunyoqarashini boyitadi, balki uni fikrlashga, voqea-hodisalarga xolis munosabat bildirishga o‘rgatadi.
[gallery-31669]
Uchrashuvning yana bir e’tiborli jihati ijodkorning o‘z kitoblarini kitobxonlar bilan baham ko‘rgani bo‘ldi. Farmon Toshev o‘z qalamiga mansub hamda “Zarafshon gazetasi kutubxonasi” ruknida chop etilayotgan yuzlab kitoblardan iborat jamlanmani viloyat axborot-resurs markazi fondiga taqdim etdi.
Ma’naviy-ma’rifiy tashrif Koson tumanida ham davom etdi. Abdulla Oripov nomidagi kutubxonada tashkil etilgan uchrashuvda kitobxonlar bilan muloqot qilinib, kutubxona fondi yana bir qator adabiy va publitsistik asarlar bilan boyitildi.
Keyingi manzil esa Kasbi tumani Qatag‘on qishlog‘ida farzandlari tashabbusi bilan faxriy o‘qituvchi Xolboy Xonqulov nomiga tashkil etilgan “Yoshlar markazi” kutubxonasi bo‘ldi. Bu yerda ham kitoblar jamlanmasi yoshlar ixtiyoriga topshirildi.
Qishloqdagi ushbu uchrashuv ayniqsa samimiy kechdi. Zero, olis hududdagi yoshlar uchun taniqli ijodkor bilan yuzma-yuz muloqot qilish, uning kitoblarini qo‘lga olish va ijodiy tajribasidan bahramand bo‘lish o‘ziga xos ma’naviy voqeadir.
Farmon Toshevning “Qarnabcho‘l qo‘shig‘i”, “Onang tirik, bolam”, “Men yomg‘irli kunda kelaman”, “Qarnabota armoni”, “Jurnalistning noni qattiq” kabi she’riy, nasriy va publitsistik to‘plamlari kitobxonlar orasida keng tarqalgan.
Bunday tashriflar, avvalo, kitobni kitobxonga yaqinlashtirishi bilan ahamiyatli. Ayniqsa, ijodkorning o‘z asarlarini turli hududlardagi kutubxonalarga tuhfa qilishi nafaqat kitob fondlarini boyitadi, balki yoshlarda mutolaaga qiziqish uyg‘otish, adabiyot va ijod ahlining kitobxon bilan bevosita muloqotini kuchaytirishga xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari