Navro‘z – dehqonchilik mavsumining boshlanishi hamdir (+video)
Umrboqiy an’analar, ko‘p asrlik milliy udumlarni o‘zida mujassam etgan Navro‘z yurtimizda dehqonchilik mavsumining boshlanishi hamdir. Ushbu mavsum avvalo sifatli urug‘ tanlashdan boshlanadi. Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida joylashgan korxona urug‘lik markazi sifatida tashkil etilgan bo‘lib, respublikamiz bo‘yicha urug‘larni saralash, tozalash, dorilash va fermerlarga yetkazib berish bilan shug‘ullanib keladi.
Navro‘z bayrami munosabati bilan korxona xodimlari, tizim tashkilotlari rahbarlari, fermerlar bir dasturxon atrofida to‘planib, ularga yuqori kayfiyat ulashildi.
Korxonada bu yilgi Navro‘z o‘zgacha, ko‘tarinki ruhda nishonlanmoqda. Jonli qo‘shiqlar, doshqozonlarda milliy taomlarimiz bo‘lgan sumalak, o‘zbekning palovi pishirilib, elga tortiq qilinmoqda. Bu ham milliy urf-odatlarimiz, an’analarimiz, mehmondo‘stligimizning yorqin namunasidir. Dehqonchilik yili oldidan kengashib, soha olimlarining fikrini bilish, fermerlarning o‘tgan yilgi tajribalarini o‘rganish koni foyda albatta.
- Bugun hammaning kayfiyati a’lo. Yangilanish fasli Navro‘z bayramida dehqonchilikka start beriladigan palla bu, - deydi Sirdaryo viloyati Urug‘chilikni rivojlantirish markazi boshlig‘i Sultonbek Tojiboyev. – Sirdaryo viloyati misolida olib qaraydigan bo‘lsak, yangidan-yangi texnologiyalar kirib kelyapti, sohaga innovatsiyalar joriy qilinmoqda, agrotexnologiyalar yaxshilaninishi natijasida hosildorlik yildan yilga oshib boryapti.
Xorijiy paxta navlarini ham ekishni yaxshi yo‘lga qo‘ydik. Sirdaryo viloyatida 75 220 gektar paxta maydonlari bor. Mana shu maydonlarning 80 foiziga xorijiy Xitoy navlari ekilishi rejalashtirildi. Ko‘sak qurtiga, gerbitsidga, sho‘rga, qurg‘oqchilikka chidamliligi bilan ushbu nav mahalliy navlardan ajralib turibdi. O‘tgan yili dehqonlarimiz 60-65 sentner hosildorlikka erishdi. Bu yil ham Shinjon texnologiyasi asosida 50 ming gektar maydonda xorijiy chigit ekiladi.
Bayram dasturidan milliy o‘yinlarimiz: arqon tortish hamda shaxmat-shashka musobaqalari o‘rin olgan bo‘lib, kuchli jamoalarga esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/0rccSsz6Iro" title="Navro`z – dehqonchilik mavsumining boshlanishi hamdir " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA