“Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida yangi markaz ochildi
Bugungi kunda yoshlarning sifatli ta’lim olishi, xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirishi va zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarni egallashiga qaratilgan tashabbuslar keng quloch yoymoqda. Shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan loyihalardan biri — “Ibrat farzandlari” loyihasi bo‘lib, u yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Loyiha doirasida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida yangi markaz ochildi. Mazkur markaz talaba-yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishi, zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarni egallashi, shuningdek turli ta’limiy va innovatsion loyihalarda faol ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Tadbirda TDSHU rektori Gulchehra Rixsiyeva hamda loyiha rahbari Rustam Qoriyev markaz faoliyati, uning maqsad va vazifalari haqida so‘z yuritdi. Ular markazning yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlari, zamonaviy ta’lim texnologiyalari va infratuzilmasi haqida ham batafsil ma’lumot berdi.
Markazda talabalar uchun maxsus kompyuter xonalari tashkil etilgan bo‘lib, ular zamonaviy dasturlar va onlayn resurslar orqali til o‘rganish, ilmiy-tadqiqot ishlari va loyiha faoliyatida foydalanishlari mumkin. Shuningdek, markazda xorijiy tillar, sharq tillari va yirik g‘arb tillari bo‘yicha seminarlar, mahorat darslari va treninglar muntazam ravishda o‘tkaziladi. Bu talabalar uchun nafaqat ta’lim, balki o‘z bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va ijodiy salohiyatlarini rivojlantirish uchun muhim platforma hisoblanadi.
Markaz shuningdek, talaba-yoshlarning intellektual rivojlanishi, kasbiy ko‘nikmalarini oshirish va xalqaro tajribalarni o‘zlashtirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Bu orqali ular nafaqat nazariy bilimlarga ega bo‘ladi, balki amaliy ko‘nikmalarini ham mustahkamlaydi va kelajakdagi kasbiy faoliyatlariga puxta tayyorlanadi.
Ushbu markazning ochilishi yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib, ularning xalqaro maydonda raqobatbardosh kadrlar sifatida shakllanishiga xizmat qiladi. Bunday tashabbuslar kelajakda mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan yetuk mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA