Elektr tarmoqlari kuz-qish mavsumiga qay darajada tayyor?
Bugun Milliy matbuot markazida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan 2026-2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Sardor Isaqulov jamiyat tomonidan iste’molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash, tarmoqlar ishonchliligini oshirish va mavsumni barqaror o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda jamiyat tizimida qariyb 25 ming nafar xodim mehnat qilmoqda. Korxona tasarrufida 271 ming 753 kilometr 0,4-110 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari, 282 ta podstansiya va 106 ming 140 ta transformator punkti mavjud. Joriy yilda 30 ming kilometr elektr tarmog‘i va 11 mingta transformator punkti mukammal ta’mirlandi.
Favqulodda holatlarni tezkor bartaraf etish uchun 6 ming 561 nafardan ortiq xodimdan iborat 1 ming 189 ta tunu kun navbatchilik asosida ishlaydigan avariyaviy brigada shakllantirildi. Ular zarur texnika va maxsus avtotransport vositalari bilan ta’minlangan. Shuningdek, 1 ming 99 dona tarmoq transformatori, 610 tonna transformator moyi, 431 kilometr kabel, 158 tonna sim, 7 ming 581 dona mufta, 7 ming 319 dona tayanch va 108 mingdan ortiq boshqa elektr texnik materiallar zaxiraga jamlandi.

- Taqsimlovchi elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish doirasida 6 200 kilometr tarmoq va 1 866 ta transformator punkti yangilanmoqda. Jumladan, “Yangi O‘zbekiston” massivlari, sanoat zonalari, mahallalar infratuzilmasi, Toshkent shahri va tumanlarni rivojlantirish loyihalari doirasida elektr tarmoqlari va transformator punktlari qurilib, o‘rnatilyapti.
Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida 3,9 mingdan ortiq mahallada 3,7 milliondan ziyod aholi iste’molchilarining elektr ta’minotini yaxshilash imkoni yaratilmoqda, - dedi Sardor Isaqulov.
Anjumanda “Yangiyo‘l tajribasi” asosida yo‘lga qo‘yilgan “mahallabay” ishlash tizimi haqida ham ma’lumot berildi. Unda 916 ta mahalla, 832 mingta xonadon, 49 mingta tadbirkorlik sub’ekti va 2,2 mingdan ortiq ijtimoiy soha ob’ekti qamrab olindi.

Har bir mahalla kesimida energetik pasport va energiya resurslariga bo‘lgan talab balansi shakllantirildi. Natijada 265 ta mahallada 60 MVt elektr quvvati yetishmovchiligi, 207 ta mahallada esa quvvat zaxirasi mavjudligi aniqlandi. Ayni paytga qadar ushbu yo‘nalishda 1 ming 258 ta transformator va 2 ming 198 kilometr elektr tarmog‘i ta’mirlandi.
“Mahallabay” yondashuv orqali mavjud muammolarni joyida aniqlash, elektr tarmoqlarini o‘z vaqtida ta’mirlash va modernizatsiya qilish hamda energiyaga bo‘lgan talabni oldindan prognoz qilish imkoniyati kengaymoqda.
Shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning xalqaro moliya institutlari va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorligi kengaytirilmoqda. Franklin Templeton kompaniyasi bilan hamkorlik doirasida jamiyatning moliyaviy barqarorligi va investitsion jozibadorligini oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Buning natijasida Fitch Ratings xalqaro kredit reyting agentligi tomonidan jamiyatning kredit reytingi “BB-” darajasidan “BB” darajasiga ko‘tarildi.
Shuningdek, ESG reytingi joriy etildi hamda ISO 9001, ISO 14001, ISO 45001, ISO 50001 va ISO 37001 xalqaro standartlari bo‘yicha sertifikatlar olindi.
Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida investitsiya dasturining 4 ta loyihasi doirasida 82 million AQSH dollari miqdorida investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirildi. Mablag‘lar tarmoqlarni modernizatsiya qilish, infratuzilmani yangilash va elektr ta’minoti ishonchliligini oshirishga yo‘naltirilmoqda.
Sardor Isaqulovning ta’kidlashicha, kelgusida asosiy e’tibor iste’molchilarning o‘sib borayotgan ehtiyojini qondirish, elektr tarmoqlarining barqarorligini ta’minlash va zamonaviy boshqaruv hamda investitsiya mexanizmlarini keng joriy etishga qaratiladi.
Tadbir yakunida mutasaddilar jurnalistlarning savollariga javob berdi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA