Askarlarga kasb o‘rganish uchun imkoniyat berilmoqda
Harbiy xizmat – yigit uchun Vatan oldidagi burchni ado etish, iroda va matonatni charxlash maktabi. Ammo bu davrni kelajak uchun yana bir muhim imkoniyatga aylantirish mumkin. Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan tashabbus ana shu fikrning amaliy ifodasi bo‘lmoqda.
Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashi deputati Murodbek Rahmonberdiyev tashabbusi bilan Milliy gvardiya safida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Tashabbusning mohiyati oddiy: yigitlar Vatan himoyasi vazifasini bajarayotgan bir paytda xizmatdan keyingi hayoti uchun ham zarur kasbiy ko‘nikmalarni egallasin.


Jizzax viloyatidagi Milliy gvardiya bo‘linmalarida xizmat qilayotgan askarlar zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitildi. O‘quv jarayonini muvaffaqiyatli yakunlagan harbiy xizmatchilarga egallagan mutaxassisligini tasdiqlovchi sertifikatlar topshirildi.
Qo‘lga tutilgan sertifikat oddiy qog‘oz emas. Ayniqsa, mazkur hujjatlar egalariga mutaxassisligi bo‘yicha nafaqat yurtimizda, balki xorijiy davlatlarda ham mehnat qilish imkoniyatini berishi tashabbusning amaliy ahamiyatini yanada oshiradi.


Bugun mehnat bozorida kasbning o‘zi yetarli emas, zamonaviy talablarni biladigan, amaliy ko‘nikmaga ega mutaxassisga ehtiyoj bor. Shu ma’noda harbiy xizmatni kasb-hunar egallash bilan uyg‘unlashtirish yoshning ikki muhim maktabdan – harbiy intizom va kasbiy tayyorgarlik maktabidan birdek o‘tishiga zamin yaratadi.
Murodbek Rahmonberdiyev tashabbusining yana bir ahamiyatli jihati shundaki, unda yoshlar bandligi masalasi harbiy xizmatning davomi sifatida emas, balki yigitning kelajagi bilan bog‘liq yaxlit jarayon sifatida qaralmoqda. Zero, bugun kasb o‘rgangan askar ertaga xizmatdan qaytgach, mehnat bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lish uchun tayyor holda hayotga qadam qo‘yadi.


Aslida, yoshlarga berilgan eng katta yordam uning o‘rniga ishlab berish emas, balki o‘z mehnati bilan o‘z kelajagini qurishi uchun imkoniyat yaratishdir. Jizzaxdagi mazkur tashabbusning qimmati ham ana shunda.

Harbiy xizmat muddati yakunlanadi. Ammo shu davrda egallangan kasb, orttirilgan malaka va qo‘lga kiritilgan sertifikat yigitning keyingi hayotida uzoq yillar xizmat qilishi mumkin. Demak, bu tashabbusning samarasi bugun topshirilgan sertifikatlar bilan emas, ertaga mustaqil kasb egasi bo‘lib, mehnat qilayotgan yoshlar taqdirida yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri