Husayn Norchayev porlagan o‘yinda "Navbahor" g‘alaba qozondi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 15-turi doirasida ikki uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Superligasining 15-tur bahslari bir qator yorqin voqealar bilan muxlislar e’tiborini tortmoqda. Tur qahramoniga aylangan «Navbahor» hujumchisi Husayn Norchayev o‘zining sermahsul o‘yini bilan nafaqat jamoasiga yirik g‘alaba keltirdi, balki klub tarixidagi unutilmas sahifalardan birini yozdi.
Namanganda bo‘lib o‘tgan bahsda «Navbahor» «Xorazm»ni 5:1 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvning bosh qahramoni Husayn Norchayev bo‘lib, u raqib darvozasiga ketma-ket to‘rtta gol yo‘lladi va poker muallifiga aylandi. Bu natija nafaqat mazkur o‘yin, balki klub tarixi uchun ham alohida ahamiyat kasb etdi.
Gap shundaki, «Navbahor» safida Superliga bahsida bir o‘yinning o‘zida to‘rtta gol urgan futbolchi so‘nggi marta 2014-yilda qayd etilgan edi. O‘shanda ukrainalik hujumchi Ruslan Kachur o‘z maydonida «Buxoro»ga qarshi kechgan uchrashuvda (4:1) poker muallifi bo‘lgan edi. Oradan 12 yil o‘tib, Husayn Norchayev ushbu tarixiy natijani takrorlab, o‘z nomini namanganliklar solnomasiga muhrladi.

Tur doirasida yana bir bahs Muborak shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda mezbon «Mash’al» o‘z maydonida «So‘g‘diyona»ni qabul qildi. Uchrashuv mehmonlar ustunligida o‘tdi va jizzaxliklar 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
«So‘g‘diyona»ning barcha gollariga Lyupcho Doriyev mualliflik qildi. U 5-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘lim boshida penaltidan yana bir bor aniq zarba yo‘lladi. 60-daqiqada esa Milan Mitrovichning uzatmasidan foydalanib, xet-trikni rasmiylashtirdi. Uchrashuvga qo‘shib berilgan vaqtda Azizbek Choriyev mezbonlarning yagona golini kiritdi.
15-tur bahslari 3-avgust kuni ham davom etadi. Soat 19:30 da Qo‘qonda «Qo‘qon-1912» «Surxon»ni qabul qiladi. Turning markaziy uchrashuvlaridan biri esa Olmaliqda bo‘lib o‘tadi. Unda chempionlik uchun kurashayotgan OKMK o‘z maydonida «Nasaf» bilan kuch sinashadi. Shuningdek, Samarqandda «Dinamo» va «Neftchi» jamoalari o‘rtasidagi qarama-qarshilik ham turning eng qiziqarli bahslaridan biri sifatida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA