Huquqiy bilim va zukkolik maydonida g‘oliblar aniqlandi
Guliston shahridagi viloyat Yoshlar markazida Sirdaryo viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tashabbusi bilan oila va xotin-qizlar faollari hamda tizim xodimlari o‘rtasida huquqiy bilim va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan “Huquqiy zakovat” intellektual o‘yinining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 24-apreldagi “2026-2027-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan mazkur tadbir ishtirokchilarning huquqiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, qonunlarga hurmat ruhini yuksaltirish, huquqiy ong va madaniyatni rivojlantirish, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlarning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Bellashuvda ishtirok etgan jamoalar huquqshunoslik, amaldagi qonunchilik va huquqiy islohotlarga oid murakkab savollar asosida o‘z bilim va salohiyatini sinovdan o‘tkazdi. Har bir shart ishtirokchilardan puxta tayyorgarlik bilan bir qatorda tezkor fikrlash, vaziyatni tahlil qilish, mantiqiy xulosa chiqarish va to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyatini taqozo qildi.
[gallery-30887]
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarda jamoalar o‘zaro fikr almashib, hamjihatlikda harakat qildi. Ayrim savollarga javob topishda huquqiy bilim bilan birga keng dunyoqarash, hozirjavoblik va zukkolik ham muhim ahamiyat kasb etdi.
Bellashuv yakuniga ko‘ra, Guliston shahar jamoasi eng yuqori natijani qayd etib, faxrli 1-o‘rinni egalladi. Boyovut tumani jamoasi 2-o‘ringa, Sardoba tumani jamoasi esa 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Taqdirlash marosimida g‘olib va sovrindor jamoalarning bellashuvdagi faol ishtiroki hamda erishgan natijalari e’tirof etildi. Ularga diplomlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
– Bunday intellektual bellashuvlar oila va xotin-qizlar faollari hamda tizim xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish, ularni qonunchilikdagi yangiliklardan muntazam xabardor bo‘lishga undash, mustaqil va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Sirdaryo viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Umida Bekmurzayeva.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat), O‘zA