Xalq bilan birga: farovon hayot sari aniq qadam
O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi Ayollar qanoti tashabbusi bilan Nukus shahridagi “Telemarkaz” va “Allaniyaz Qahramon” mahalla fuqarolar yig‘inlarida partiyaning “Xalq bilan birga” umummilliy loyihasi doirasida “Farovon hayot sari” aksiyasi tashkil etildi.
Aksiyaning asosiy maqsadi aholi xonadonlariga kirib borish, xotin-qizlarning mavjud imkoniyat va salohiyatini aniqlash, ularning qiziqishlariga mos ravishda kasb-hunar va tadbirkorlikka yo‘naltirish, daromad manbaini yaratish uchun amaliy ko‘mak berishdan iborat.

Aksiya davomida mahalladagi xonadonlar kesimida o‘rganishlar olib borilib, 52 nafar ishsiz xotin-qiz aniqlandi. Ularning har biri bilan alohida suhbatlashilib, qiziqishi, mavjud imkoniyatlari va kelgusida qaysi yo‘nalishda faoliyat yuritish istagi o‘rganildi. Shu asosda ularni kasanachilik, oilaviy tadbirkorlik, tomorqachilik va boshqa daromadli yo‘nalishlarga jalb etish, zarur kasbga o‘qitish hamda ish boshlashi uchun amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq rejalar belgilab olindi.

O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, mahallada farovonlikni ta’minlash uchun imkoniyatlar kam emas. Ayrim xonadonlar mavjud yer va mehnat resurslaridan unumli foydalanib, o‘z xonadonini kichik oilaviy daromad manbaiga aylantirgan.
Shunday xonadonlardan biri Bag‘dagul Elalova xonadoni. U oilasi bilan birgalikda xonadondagi 6 sotix yerdan samarali foydalanib, tomorqachilik, bog‘dorchilik va parrandachilik bilan shug‘ullanmoqda. Yaqinda chorvachilik yo‘nalishini ham yo‘lga qo‘ygan. Oila mazkur faoliyat turlaridan yillik 25-30 million so‘m atrofida daromad olmoqda.

Bu xonadondagi tajriba aksiyaning muhim jihatini – tayyor imkoniyatni boshqalarga ham o‘rgatish va ko‘paytirish g‘oyasini namoyon etadi. Shu bois Bag‘dagul xonadoniga mahallaning 10 nafar xotin-qizini biriktirish, ularga tomorqachilik va boshqa daromadli yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy ko‘nikma berish, tajribasi bilan o‘rtoqlashish vazifasi belgilandi.
Mahalladagi yana bir e’tiborli tashabbus Sholpan opa Axmedova xonadonida ko‘zga tashlanadi. U xonadon yonidagi 16 sotix yerda bog‘ va sun’iy ko‘l tashkil etib, “Oltin baliq” dam olish maskanini yo‘lga qo‘ygan. Natijada yerdan faqat qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirish uchun emas, balki aholiga xizmat ko‘rsatish va qo‘shimcha daromad olish manbai sifatida ham foydalanilmoqda. Bu esa oilaviy tadbirkorlikning bir nechta yo‘nalishini uyg‘unlashtirish orqali yangi imkoniyat yaratish mumkinligini ko‘rsatadi.

Aksiya doirasida aniqlangan ishsiz xotin-qizlarni daromadli mehnatga jalb etish bo‘yicha ham amaliy natijalar belgilandi. Xususan, 2 nafar xotin-qizga parrandachilik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun imtiyozli kredit ajratish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
E’tiborli jihati, aksiya doirasidagi ishlar bir martalik tadbir bilan cheklanmaydi. Mahallada aniqlangan 52 nafar ishsiz xotin-qizning har biri bo‘yicha ularni o‘qitish, kasbga yo‘naltirish, tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga ko‘maklashish va keyingi natijasini kuzatib borishga qaratilgan ishlar davom ettiriladi.
Bugun xotin-qizning bandligi bir insonning ish bilan ta’minlanishi emas. Bu oilaning daromadi, farzandlar ta’limi, xonadon farovonligi va mahallaning iqtisodiy faolligiga ta’sir ko‘rsatadigan muhim omil.
Shu ma’noda, “Farovon hayot sari” aksiyasi orqali partiya mahalladagi mavjud imkoniyatlarni ishsiz xotin-qizlarning intilishlari bilan bog‘lashga harakat qilmoqda. Kimgadir kasb o‘rganish, kimgadir tomorqadan unumli foydalanish, yana kimgadir tadbirkorlikni boshlash uchun moliyaviy ko‘mak kerak. Muhimi, har bir ehtiyojga bir xil yondashuv emas, balki aniq inson — aniq imkoniyat — aniq yechim tamoyili asosida ish tashkil etilmoqda.
Chunki farovon mahalla, avvalo, o‘z mehnati bilan daromad topayotgan, tashabbusi qo‘llab-quvvatlanayotgan va ertangi kuniga ishonchi mustahkam oilalardan boshlanadi. O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy loyihasi ham ana shu maqsadga — insonni muammosi bilan yolg‘iz qoldirmaslik, uning tashabbusini qo‘llab-quvvatlash va imkoniyatini natijaga aylantirishga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri