Hududiy pedagogik mahorat markazlari o‘qituvchilari uchun amaliy seminar tashkil etildi
O‘z sohasining haqiqiy egasi bo‘laman degan kishi tinimsiz izlanishda bo‘lishi talab etilishi sir emas. Ammo ta’lim tizimi xodimlari uchun bu majburiyat desak, adashmaymiz. Ayniqsa, pedagoglar yurtimiz kelajagi bunyodkorlariga mas’ul shaxslardir. Shuning uchun ham o‘qituvchilar salohiyatini oshirishga jiddiy yondashilmoqda. Bunda xalqaro hamkorliklar muhim ahamiyat kasb etayotgani rad etib bo‘lmas haqiqat.
O‘qituvchilarning pedagogik salohiyatini oshirish maqsadida Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik milliy mahorat institutida fransiyalik ta’lim eksperti Noémiye Dediyeu ishtirokida Hududiy pedagogik mahorat markazlari o‘qituvchilari uchun amaliy seminar tashkil etildi.

Seminar “Ta’lim jarayonlarini rivojlantirish asoslari" mavzusida olib borildi. Bunda darsning har bir bosqichiga raqamli texnologiyalarni samarali integratsiya qilish, mashg‘ulotni interaktiv jarayonga aylantirish hamda o‘quvchilar diqqatini raqamli vositalar orqali jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, raqamli platformalar yordamida baholash va dars samaradorligini oshirishning aniq keyslari amaliy jihatdan ko‘rsatib berildi.

Ta’kidlanishicha, bu kabi ilg‘or xalqaro metodikalarni mahalliy o‘quv jarayoniga tatbiq etish o‘qituvchilarga darsni qiziqarli va natijador tashkil etishda yangi imkoniyatlar yaratadi. Mazkur innovatsion ta’lim usullari esa malaka oshirayotgan pedagoglarning metodik tayyorgarligini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Sherbek Islomov,
O‘zA