Hudud sharafini munosib himoya qilishdi
Samarqand shahrida joylashgan ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida “Nurli maskan” maktab-internatlari o‘quvchilari o‘rtasida asosiy fanlar bo‘yicha respublika olimpiadasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli bilimlar sinovida Sirdaryo viloyati o‘quvchilari munosib ishtirok etishib, yuqori natijalarni qayd etishdi.
Xususan, Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun "Nurli maskan" ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 11-sinf o‘quvchilari Shahzoda Mamasoliyev rus tili va adabiyoti fanidan, Surayyo Ko‘charova esa ona tili va adabiyoti fanidan faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritishib, hudud sharafini munosib himoya qilishdi.
Mazkur olimpiada "Nurli maskan" ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchilari o‘rtasida iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularning fanlarga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish va bilim darajalarini sinovdan o‘tkazish maqsadida tashkil etildi. Unda mamlakatimizning turli hududlaridan saralangan o‘quvchilar ishtirok etishib, o‘z bilim va salohiyatlarini namoyon qilishdi.
– Ushbu respublika olimpiadasi o‘quvchilar uchun nafaqat bilim sinovi, balki o‘z salohiyatini namoyon etish, raqobat muhitini his qilish va tajriba orttirish uchun muhim imkoniyat bo‘ldi. Bizning o‘quvchilarimiz bu jarayonga jiddiy tayyorgarlik ko‘rib, har bir fan bo‘yicha chuqur bilim va yuqori mas’uliyat bilan yondashdilar. Erishilgan natijalar ularning mehnati va intilishlarining samarasidir. Eng muhimi, ularda o‘z kuchiga ishonch va yanada yuqori marralarni zabt etishga bo‘lgan ishtiyoq shakllandi, – deydi Sirdaryodagi "Nurli maskan" ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktori Nigora Balikova.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri