Hosil xavfsizligi daladan boshlanadi
Qishloq xo‘jaligida yaxshi hosil yetishtirishning o‘zi yetarli emas. Uni zararkunanda va kasalliklardan asrash, karantin ob’ektlarining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, yetishtirilgan mahsulotni ichki va tashqi bozorlarga xavfsiz yetkazish ham muhim. Shu ma’noda fitosanitar nazorat — daladan boshlanib, mahsulot iste’molchi dasturxoniga yetib borguniga qadar davom etadigan jarayon.
Jizzax viloyat oziq-ovqat mahsulotlari bosh boshqarmasining 2026-yil yanvar–avgust oylaridagi faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida bu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va oldinda turgan vazifalar haqida axborot berildi.
Boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Parmonovning ta’kidlashicha, hisobot davrida ekinlarni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish, karantin ob’ektlarini aniqlash va ular tarqalishining oldini olish, fitosanitar nazoratni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Sohadagi bu vazifalarning huquqiy asosi ham yangilanmoqda. Prezidentning 2026-yil 12-maydagi “Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida yagona davlat boshqaruvi va nazorat tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida yagona davlat boshqaruvi va nazorat tizimini joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi. Hujjatda xalqaro talablarni tatbiq etish, xavf tahliliga asoslangan nazoratni kuchaytirish va sohani raqamlashtirish kabi vazifalar nazarda tutilgan.
Jizzaxda ushbu vazifalar amaliy ishlar bilan uyg‘unlashmoqda. Sakkiz oy davomida 927 ming 24 gektar maydonda fitosanitar dala nazorati o‘tkazilib, 44 ming 751 ta dala nazorati dalolatnomasi rasmiylashtirildi. Yetishtirilgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga chiqarish uchun 3 ming 435 ta fitosanitar sertifikat berildi.
[gallery-31653]
Fitosanitar xavfni barvaqt aniqlash esa muhim vazifalardan. Shu maqsadda zararli organizmlarning ko‘payishi va rivojlanishi bo‘yicha qisqa muddatli bashoratlar tayyorlanib, hududlarga yetkazildi. Bu ma’lumotlar zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurash tadbirlarini o‘z vaqtida tashkil etish imkonini bermoqda.
Ayniqsa, boshoqli don va paxta maydonlarida fitosanitar holat nazoratda bo‘ldi. G‘o‘zaning o‘z vaqtida pishib yetilishi, defoliatsiya va desikatsiya ishlarining sifatli o‘tkazilishi uchun tegishli preparatlar bilan ishlovlar amalga oshirildi. Bu jarayonga 583 ta OVX agregati va 8 ta dron jalb etildi. Dronlardan foydalanish katta maydonlarni tezkor kuzatish va ishlov berish imkoniyatini kengaytirmoqda.
Fitosanitar xavf faqat dala bilan cheklanmaydi. Chegara orqali kirib kelayotgan mahsulotlar ham qat’iy nazoratdan o‘tkaziladi. Hisobot davrida Jizzax viloyatiga xorijdan 69 ming 415 tonnadan ortiq, 1 ming 240 kub metr va 651 ming 518 dona import mahsuloti olib kirilgan. Ularning fitosanitar holati nazorat qilingan.
Shu bilan birga, viloyatda yetishtirilgan mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarishga ham e’tibor kuchaytirildi. 34 ming 500 tonnadan ziyod karantin ostidagi yuklar belgilangan tartibda ko‘rikdan o‘tkazilib, fitosanitar sertifikat asosida eksportga jo‘natildi. Eksport geografiyasiga Latviya, Malayziya, Norvegiya, Avstriya, Polsha, Estoniya va Mo‘g‘uliston kabi davlatlar qo‘shildi.
Fitosanitar nazoratning yana bir muhim bo‘g‘ini laboratoriya. Sakkiz oyda laboratoriyada turli yo‘nalishlar bo‘yicha 3 ming 440 ta namuna ekspertizadan o‘tkazildi. Tekshiruvlar orqali qishloq xo‘jaligi ekinlari va o‘simlik mahsulotlarida zararli organizmlar aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi.
Matbuot anjumani ishtirokchilari “BMB Holding” kompaniyasi hududidagi fitosanitar laboratoriya faoliyati bilan ham tanishdi. Bu yerda namuna olishdan tortib, uni laboratoriya sharoitida tekshirishgacha bo‘lgan jarayonlar yo‘lga qo‘yilgan. Zarur hollarda zamonaviy molekulyar diagnostika usullaridan foydalanish mahsulotning fitosanitar holatini yanada aniq baholash imkonini beradi.
Sohada raqamlashtirish ham izchil davom etmoqda. “e-Fitouz” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali fitosanitar sertifikat, ichki fitosanitar sertifikat, karantin ruxsatnomasi va boshqa xizmatlar bo‘yicha elektron arizalar ko‘rib chiqilmoqda. Bu tadbirkorlar uchun vaqtni tejash, xizmatlardan foydalanishni soddalashtirish va nazorat jarayonlarini shaffoflashtirishga xizmat qilmoqda.
Fermer va dehqonlarni zarur ma’lumotlar bilan ta’minlashda “Agroko‘makchi” mobil ilovasining imkoniyatlaridan ham foydalanilmoqda. U orqali ekinlarni uyg‘unlashgan himoya qilish dasturlari va boshqa zarur ma’lumotlarni elektron shaklda olish mumkin.
Zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashda profilaktikaga alohida ahamiyat berilmoqda. Hisobot davrida 211 ming 734 kub metr hajmda fumigatsiya ishlari bajarilib, ochiq maydonlar va bo‘sh omborlarga kimyoviy ishlov berildi. Bu tadbirlar zararli organizmlarning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslikda muhim ahamiyat kasb etadi.
Albatta, fitosanitar barqarorlikni ta’minlashda nazoratning o‘zi yetarli emas. Fermer, dehqon, tadbirkor va eksportchi ham belgilangan talablarga mas’uliyat bilan yondashishi zarur. Chunki dalada vaqtida aniqlangan zararkunanda yoki kasallik ertangi katta yo‘qotishning oldini olishi mumkin. Karantin ob’ektining hududga kirib kelishini barvaqt to‘xtatish esa nafaqat hosilni, balki eksport imkoniyatlarini ham himoya qiladi.
Shu bois yilning qolgan qismida fitosanitar barqarorlikni saqlash, karantin ob’ektlarining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, samarali himoya usullarini keng qo‘llash, laboratoriya imkoniyatlaridan unumli foydalanish va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga sifatli xizmat ko‘rsatish asosiy vazifalardan bo‘lib qoladi.
Zero, hosil xavfsizligi daladan boshlanadi. Daladagi bir vaqtda ko‘rilgan chora ombordagi mahsulot, bozordagi sifat, eksportdagi ishonch va oxir-oqibat dasturxondagi oziq-ovqat xavfsizligi demakdir.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari