Harbiy sohada 30 yildan ko‘p xizmat qilganlarning pensiyasi oshiriladi (+video)
Qonun loyihasiga sharh
Yurtimiz tinchligi, xalqimiz xavfsizligini ta’minlashda harbiy xizmatchilarning o‘rni va fidokorona xizmatlari alohida ahamiyatga ega.
Yaqinda parlament quyi palatasi tomonidan “Harbiy xizmatchilar (xodimlar) va ularning oila a’zolarining davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Unda harbiy sohada uzoq yillar fidokorona xizmat qilgan, o‘z hayotini yurtimiz istiqboli uchun bag‘ishlagan harbiylarimizni qo‘shimcha rag‘batlantirish, oilasini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari nazarda tutilgan.
Mazkur qonun loyihasi haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Kozimjon Tojiyev batafsil sharhlab berdi:
— Keyingi yillarda mamlakatimizda harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qiluvchi va maxsus tuzilmalar xodimlari, shuningdek, ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mazkur qonun loyihasi bu boradagi islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini pensiya bilan ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
Bugungi kunga qadar harbiy xizmatchilarning pensiya ta’minotiga oid masalalar eski hujjatlar bilan yuritilayotgan edi. Endi pensiya ta’minotiga oid islohotlarga hamohang ravishda bu milliy qonun darajasida mustahkamlanmoqda.
Loyiha bilan harbiy xizmatchilar (xodimlar) va ularning oila a’zolarini davlat pensiyasi bilan ta’minlashning huquqiy asoslarini qonun bilan belgilash, ushbu pensiyani tayinlash shartlari, turlari, miqdorlari va tartibiga oid normalar takomillashtirilyapti. Sohadagi pensiya ta’minoti yaxshilanyapti, tizim yangilanyapti.
Xususan, harbiy sohada 30 yildan ortiq xizmat qilganlar uchun pensiyaning bazaviy miqdorini aniqlashda ish haqining hisobga olinadigan miqdorini amaldagi 75 foizdan 100 foizga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, pensiya tayinlashda asos bo‘ladigan pensiyani hisoblash bazaviy miqdorini o‘n baravaridan kelib chiqib hisoblash amaliyotini 12 baravaridan kelib chiqib amalga oshirish taklif etilmoqda. Shu bilan birga, pensiyaga qo‘shiladigan oziq-ovqat kompensatsiyasi miqdorlarini ham oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, pensiya ta’minoti sohasidagi munosabatlarni aniq tartibga solishga xizmat qiladi. Harbiy xizmatchilarning oila a’zolari, farzandlarining ijtimoiy ta’minoti yanada yaxshilanadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/WpKFOoD5u5Q" title="Harbiy sohada 30 yildan ko‘p xizmat qilganlarning pensiyasi oshiriladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova, Oybek Davronov,
Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA muxbirlari