Har bir tadbirkor muammosi joyida o‘rganilmoqda
FOTOREPORTAJ
Navoiy viloyati Navbahor tumanida aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va oilalar daromadini oshirishga qaratilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan Markaziy bank shtabi faoliyati yanada jadallashmoqda.
Shtab a’zolari har bir mahalla kesimida aholi va tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning muammo va takliflarini joyida o‘rganmoqda.
Markaziy bank Navoiy viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Sharopov boshchiligidagi shtab a’zolari bu gal tumanning Paxtakor mahallasida bo‘lib, sohil bo‘yida tashkil etilayotgan “Grand” MCHJ faoliyati bilan tanishdi.
[gallery-30755]
Ichki turizmni rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan umumiy ovqatlanish loyihasining qiymati 10 milliard so‘mni tashkil etadi. Loyihani moliyalashtirish uchun “Aloqabank” tomonidan 5 milliard so‘m kredit ajratilgan. Ob’ektni joriy yil oktabr oyida ishga tushirish va 40 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Shtab a’zolari tadbirkor bilan muloqot davomida loyihani amalga oshirish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar va takliflarni o‘rgandi.
Navbatdagi manzil tumanning Qorajon mahallasidagi “Paradice Garden” MCHJ bo‘ldi.
Korxonada 150 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Bunda, asosan, yaqin atrofdagi mahallalarda yashovchi kambag‘al oilalar a’zolari va ishsiz fuqarolar, xususan, ishsiz ayollarni ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi ish o‘rinlarining 70 foizini xotin-qizlar hisobiga shakllantirish rejalashtirilgan.
Loyihani amalga oshirish uchun “Xalq banki” tomonidan 1,1 million AQSH dollari miqdorida kredit ajratilgan. Ilgari bank balansida bo‘lgan bino yangi tashabbuskorga sotilib, kredit mablag‘lari hisobidan korxona faoliyatini kengaytirish ishlari boshlangan. Loyihani joriy yil sentabr oyida to‘liq quvvatda ishga tushirish rejalashtirilgan.
Shtab a’zolari Paxtakor mahallasidagi “Jahon savdo plast” MCHJda ham bo‘lib, korxonaning ishlab chiqarish faoliyati va mavjud imkoniyatlarini o‘rgandi.
Korxona turli xil polietilen mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Ishlab chiqarishni kengaytirish, Xitoydan yangi uskunalar olib kelish maqsadida “Xalq banki” tomonidan 140 ming AQSH dollari miqdorida kredit ajratilgan. Bu mablag‘ hisobidan uchta yangi ishlab chiqarish liniyasi olib kelinmoqda. Loyiha doirasida yana 15 ta ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
O‘rganish davomida korxonada elektr energiyasi xarajatlari oyiga 40 million so‘mni tashkil etayotgani aniqlandi. Muammoni bartaraf etish maqsadida korxonada 200 kilovatt quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatish uchun imtiyozli kredit ajratish taklifi bildirildi.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA