Davlat xaridlarida xavflarni barvaqt aniqlashga e’tibor qaratilmoqda
Davlat xaridlarida mablag‘larning samarali va maqsadli sarflanishini ta’minlash bilan birga, jarayonlarda shaffoflik va qonuniylikni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega. Xususan, moliyaviy xavflarni oldindan aniqlash, kontragentlarni ishonchli tekshirish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik va korrupsiyaviy holatlarning oldini olish davlat xaridlari samaradorligini oshirishda asosiy omil hisoblanadi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida o‘tkazilgan maxsus o‘quv seminarida shu haqda so‘z bordi.
Unda vazirlik markaziy apparati xodimlari, tizimdagi korxonalarining xaridlar, buxgalteriya, moliya, ichki audit bo‘limlari mas’ullari hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlari qatnashdi.

Seminarda, avvalo, vazirlik tizimida davlat xaridlari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi. Bu haqda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Hamidova ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng davlat xaridlari sohasidagi qonunchilik talablari va so‘nggi o‘zgarishlarga e’tibor qaratildi. Hisob palatasi bosh inspektori Sh. Soliyev hamda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi mas’ul xodimi B. To‘xtasinov ishtirokchilarga “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talablari, xaridlarni tashkil etish tartibi va sohadagi yangiliklar yuzasidan tushuntirishlar berdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonun davlat xaridlarini ochiq, shaffof va raqobat asosida tashkil etishning huquqiy asoslarini belgilaydi. Unda xarid jarayoni ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari, xaridlarni amalga oshirish tartibi, shaffoflikni ta’minlash, manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyaviy xavflarning oldini olishga qaratilgan talablar nazarda tutilgan. Mazkur hujjat talablariga qat’iy rioya etilishi davlat mablag‘laridan samarali foydalanish, xarid jarayonlarida adolatli raqobat muhitini shakllantirish va ehtimoliy huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, xarid jarayonlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy va boshqa xavflarni aniqlash, ularni baholash hamda ehtimoliy korrupsiogen omillarni kamaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Kontragentlarni tekshirish, manfaatlar to‘qnashuvini barvaqt aniqlash va uning salbiy oqibatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Seminar yakunida davlat xaridlarini qonunchilik talablari asosida tashkil etish, xavflarni oldindan baholash va ichki nazorat mexanizmlarini samarali qo‘llash sohada shaffoflikni ta’minlashning muhim shartlaridan biri ekani qayd etildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA