Bolalarga bering dunyoni!
Jahonning ko‘plab mamlakatlarida yozning ilk kuni — 1-iyun bolalarning eng sevimli bayramlaridan biri sifatida nishonlanadi. Mamlakatimizda ham ushbu sana bolajonlarga mehr-e’tibor ko‘rsatish, ularning qalbiga quvonch ulashish va baxtli kelajagi haqida yana bir bor o‘ylash kuni sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Yurtboshimiz ta’kidlaganidek: “Biz uchun jamiyatda begona bola yo‘q va bo‘lmasligi kerak. Hammasi o‘zimizning, O‘zbekistonimizning bolalari. Vaqtida mehr ko‘rsatsak, ishga, ilmga, kasbu hunarga, ezgu fazilatlarga o‘rgatsak, ularning yo‘lini ochib bersak, ertaga foydasi o‘zimizga, jamiyatimizga tegadi”.

Mazkur ezgu g‘oyalar bugun amaliy ishlarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Xususan, Qashqadaryo viloyat sudi raisi o‘rinbosari Kamol Namazov boshchiligida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalarining Qarshi shahrida joylashgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi “Imkon” reabilitatsiya markaziga ega ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotiga tashrifi ham ana shunday ezgu tashabbuslardan biri bo‘ldi.

Tashrif davomida markazda tarbiyalanayotgan bolajonlarning iqtidori, ularning hayotga bo‘lgan intilishi va ijodiy qobiliyatlari bilan yaqindan tanishildi. Ayniqsa, cheklangan imkoniyatlarga qaramasdan o‘z iste’dodini namoyon etishga intilayotgan bolalarning matonati va g‘ayrati barchada chuqur taassurot qoldirdi. Bu esa, shubhasiz, murabbiylarning fidokorona mehnati va tarbiyadagi mas’uliyatli yondashuvining ham samarasidir.

Tadbir davomida kuy-qo‘shiqlar yangrab, bolalar uchun haqiqiy bayram muhiti yaratildi. Quvonchga to‘lgan yuzlar, samimiy tabassum va beg‘ubor qalblar bu kunning eng go‘zal manzarasiga aylandi.
Shuningdek, ta’lim muassasasi ehtiyojidan kelib chiqib, sud tizimi vakillari tomonidan sovg‘alar topshirildi. Bu e’tibor va g‘amxo‘rlik bolajonlar qalbida yanada iliq tuyg‘ular uyg‘otdi.
Darhaqiqat, bolaga berilgan mehr — kelajakka qo‘yilgan eng mustahkam sarmoyadir. Chunki bolalar quvonchi bor joyda ezgulik, mehr va hayotga ishonch bo‘ladi. Bu kun esa bolalar xotirasida unutilmas va quvonchli onlar sifatida muhrlanishi shubhasiz.
O‘lmas Barotov, O‘zA