Hamkorlikning muhim bosqichlari: Xelsinki yakuniy aktiga 50 yil, YeXHTning O‘zbekistondagi faoliyatiga esa 30 yil to‘ldi
YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori tomonidan ikki muhim sana – tashkilotning asosiy hujjati hisoblangan Xelsinki yakuniy akti imzolanganiga 50 yil va YeXHTning O‘zbekistonda faoliyat yuritayotganiga 30 yil to‘lganiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davlat idoralari, diplomatik korpus, xalqaro va jamoat tashkilotlari vakillari, shuningdek, ko‘p yillik hamkorlarni birlashtirib, birgalikdagi faoliyat natijalarini sarhisob qilish va umumiy maqsadlarga sodiqlikni yana bir bor tasdiqlashga xizmat qildi.
YeXHT amaldagi raisining maxsus vakili, elchi Terxi Hakala bundan 50 yil muqaddam imzolangan Xelsinki yakuniy aktida aks etgan g‘oya va qadriyatlar hozir ham dolzarb ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

– Ushbu muhim sanani nishonlar ekanmiz, biz Xelsinki yakuniy akti ruhi va tamoyillariga sodiqligimizni yana bir bor tasdiqlaymiz. Geosiyosiy, ekologik, ijtimoiy yoki boshqa zamonaviy tahdidlar hamjihatlik va yaqin mintaqaviy hamkorlikni talab etadi. Mintaqaviy diplomatiya va islohotlarda muhim rol o‘ynayotgan O‘zbekiston bu yo‘lda bizning asosiy hamkorimiz bo‘lib qolmoqda, – dedi T.Xakala.

O‘z navbatida, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Antti Karttunen o‘z nutqida so‘nggi 30 yil davomida YeXHT O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlik qilib, islohotlarni amalga oshirish, davlat institutlarini mustahkamlash, inson huquqlarini ilgari surish va xavfsizlikni ta’minlashga ko‘maklashib kelayotganini qayd etdi.
– Bugun biz muhim sanani nishonlayapmiz, ammo asosiy e’tiborimiz kelajakka qaratilmog‘i lozim. Barqaror va adolatli jamiyat barpo etishda yoshlarning o‘rni beqiyos. Ularni ushbu jarayonga jalb etish va qo‘llab-quvvatlash hal qiluvchi ahamiyatga ega, – dedi A.Karttunen.

Tadbir YeXHT tamoyillarini O‘zbekistonda va mintaqaviy miqyosda ilgari surishga bo‘lgan qat’iy sodiqlikni yana bir bor tasdiqladi.
Aziza Alimova, O‘zA