Halol mehnat umrni bezaydi
Insonning haqiqiy boyligi egallagan lavozimida emas, balki ortida qoldirgan ezgu izlarida namoyon bo‘ladi. Bir umr ilm ulashib, yuzlab shogirdlarni kamolga yetkazgan, mahallada insonlar dardiga hamdard bo‘lib, oilalar totuvligi va yoshlar tarbiyasi yo‘lida sidqidildan xizmat qilgan fidoyi insonlar jamiyatning eng katta boyligidir. Ana shunday ustozlardan biri — Mamlakat Begmanovaning Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Respublika «Nuroniy» jamg‘armasi tomonidan I darajali «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishi nafaqat bir insonning ko‘p yillik mehnati, balki halol mehnat, ustozlik va inson qadriga berilgan yuksak ehtiromning yorqin ifodasi bo‘ldi.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida yurt taraqqiyoti, xalq farovonligi va ma’naviy yuksalish yo‘lida munosib hissa qo‘shgan insonlarni e’tirof etish ezgu an’anaga aylandi. Bu e’tiroflar zamirida bir haqiqat mujassam: mamlakat taraqqiyoti, avvalo, o‘z kasbiga sadoqat bilan yondashgan, xalq xizmatiga butun umrini bag‘ishlagan insonlar mehnati bilan ta’minlanadi.
Mamlakat Begmanova ana shunday insonlardan. U 1957-yil 26-fevralda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida tavallud topgan. Maktabni muvaffaqiyatli tamomlab, Sirdaryo davlat pedagogika institutida tahsil oldi. Yoshlikda tanlagan ustozlik kasbi keyinchalik uning butun hayoti va taqdiriga aylandi.
1979-yilda Guliston shahridagi 13-umumta’lim maktabida fizika fani o‘qituvchisi sifatida mehnat faoliyatini boshlagan Mamlakat opa qisqa vaqt ichida bilimdon, tashabbuskor va talabchan pedagog sifatida e’tirof etildi.
Keyinchalik ma’naviy-ma’rifiy ishlar, so‘ngra esa o‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari sifatida samarali faoliyat yuritdi. Uning rahbarligi va ustozligi ostida yuzlab o‘qituvchilarning kasbiy mahorati yuksaldi, minglab o‘quvchilar hayotga mustahkam bilim va yuksak ma’naviy fazilatlar bilan qadam qo‘ydi.
Opaning mehnat faoliyati maktab bilan cheklanib qolmadi. Keyingi yillarda Sirdaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasi Metodika hamda «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazlari, shuningdek, mahalla tizimidagi turli mas’ul lavozimlarda samarali ishladi. Qaysi sohada mehnat qilmasin, inson manfaati, oila mustahkamligi va yoshlar tarbiyasini o‘z faoliyatining ustuvor yo‘nalishi deb bildi.
Bugun ham u nafaqada bo‘lishiga qaramay, Guliston shahridagi «Ibratli» mahallasida nuroniy va «Buvijonlar maktabi» a’zosi sifatida faol jamoatchilik ishlarini davom ettirmoqda. «Oqila ayollar» harakati doirasida oilalarda totuvlikni ta’minlash, ajrim yoqasiga kelgan oilalarni yarashtirish, yosh kelin-kuyovlarga hayotiy maslahatlar berish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ehtiyojmand oilalarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish kabi xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘lib kelmoqda. Shu bois mahalla ahli uni nafaqat sobiq ustoz, balki hayot tajribasiga ega oqila maslahatchi sifatida ham yuksak qadrlaydi.
Mamlakat Begmanova nafaqat fidoyi ustoz va jamoat faoli, balki ibratli ona sifatida ham ko‘pchilikka namuna bo‘lib kelmoqda. U turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda to‘rt nafar farzandni voyaga yetkazib, ularning har biriga halol mehnat, ilm-ma’rifat, kasbga sadoqat va Vatanga muhabbat tuyg‘ularini singdirdi.
Bugun farzandlari turli sohalarda samarali mehnat qilib, jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Katta qizi Malohat Mavlonova ta’lim tizimida faoliyat yuritib, yosh avlodning bilimli va raqobatbardosh kadr bo‘lib yetishishiga hissa qo‘shayotgan bo‘lsa, o‘g‘li Rustambek Begmanov tajribali jarroh sifatida insonlar salomatligini asrash yo‘lida sharafli mehnat qilmoqda. Kichik qizi Muyassar Sulaymonova tadbirkorlik sohasida faoliyat yuritib, yangi ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy faollikni oshirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Kenja o‘g‘li Rasuljon Begmanov esa shifokor sifatida aholi salomatligini muhofaza qilishdek mas’uliyatli vazifani yuksak mas’uliyat bilan ado etib kelmoqda.
Farzandlarining turli sohalardagi yutuqlari bejiz emas. Bu, eng avvalo, oilada shakllangan sog‘lom muhit, mehnatsevarlik, ilmga intilish va el-yurtga xizmat qilish kabi yuksak qadriyatlarning amaliy samarasidir. Shu ma’noda, Mamlakat Begmanovaning ustozlik maktabi nafaqat minglab shogirdlari, balki o‘z farzandlari hayotida ham munosib davom etayotganini alohida ta’kidlash joiz.

Uning ko‘p yillik mehnati avval ham munosib qadrlangan. U «O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishoni, «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligi» esdalik medali hamda «Mo‘’tabar ayol» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. I darajali «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni esa ushbu sharafli hayot yo‘lining mantiqiy davomi bo‘ldi.
— Bu mukofotni o‘zimga emas, butun umrini ta’lim-tarbiya va jamoatchilik ishlariga bag‘ishlagan ustozlar hamda nuroniylarga ko‘rsatilgan yuksak hurmat deb bilaman. El-yurtning ishonchi va duosi men uchun eng katta mukofot, — deydi Mamlakat Begmanova.

Darhaqiqat, insonning haqiqiy qadri egallagan lavozimi yoki olgan mukofotlari bilan emas, balki hayoti davomida qoldirgan ezgu izlari bilan o‘lchanadi. Mamlakat Begmanova o‘zining halol mehnati, fidoyiligi, ustozlikka sadoqati va jamoatchilik ishlaridagi faolligi bilan nafaqat minglab shogirdlar, balki butun bir mahalla hayotida o‘chmas iz qoldirgan insonlardan biridir.
Eng muhimi, insonning haqiqiy boyligi olgan mukofotlarida emas, balki tarbiyalagan avlodi, kamolga yetkazgan shogirdlari va xalq qalbida qoldirgan ezgu izida namoyon bo‘ladi. Davlat mukofoti esa ana shu sharafli umr yo‘liga berilgan munosib bahodir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri